Tanlov: Yuz million so‘m qaysi maktabga nasib etadi?

Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan to‘rtinchi tashabbusni amalga oshirish maqsadida Samarqand viloyatida “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon maktab” va “Eng yaxshi kitobxon mahalla” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilishi rejalashtirildi.

“Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining har biridan 7 nafar, jumladan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, kutubxonachi va yoshlar ittifoqi yetakchisi, shuningdek, to‘rt nafar kitobxon o‘quvchidan iborat jamoa ishtirok etadi. Ko‘rik-tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Joriy yilning 5-15 dekabr kunlari uning tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tsa, joriy yilning 19 dekabr kuni viloyat bosqichi o‘tkaziladi va g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlovda jamoa vakillari uch shart — “Tanishtiruv”, “Zukkolar” hamda “Bilimdon o‘quvchi” shartlari bo‘yicha bellashadi. Ko‘rik-tanlovning tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga kitoblar jamlanmasi (1-o‘ringa 100 dona, 2-o‘ringa 50 dona, 3-o‘ringa 30 dona) hamda viloyat bosqichi g‘oliblariga esa viloyat hokimi sovg‘asi — 100 million so‘m (1), kompyuter jamlanmasi (2) hamda noutbuk (3) sovg‘a qilinadi.

Ko‘rik-tanlovda barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari jamoalari faol ishtirok etishi alohida e’tiborga olingan.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.