23 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Keyin-chi?..

Koronavirus pandemiyasi sababli karantin boshlaganidan buyon dunyoda ijobiy ma’nodagi o‘zgarishlarni ham kuzatdik. Garchi, kishilar avvaliga xastalikdan tahlikaga tushib qolgan, noma’lumlik oldida biroz dovdiragan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay bu holat to‘lqinlarning kuchli shamol oqibatida dengiz yuziga po‘rtanadek otilib chiqqani kabi Inson atalmish zotning tuprog‘iga qo‘shilgan saxovat, mehr-oqibat kabi mavjlarini ham ochiqlikka olib chiqdi.

Bir-biriga yetti yot, saxovatli insonlarning muhtoj kishilarga yordam qo‘lini cho‘zayotgani, shifokorlarning o‘z kasbidan tonmay, hayotini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, o‘z kasbini davom ettirayotgani, ayrim sohalar vakillarining fidoyilik ko‘rsatayotgani, karantin qoidalarini buzayotgan yuzlab insonlarga tushuntirish ishlarini olib borishdan erinmayotgan kishilarning borligini kuzatib turibmiz.

Faqat ayni paytda ishlamasligi mumkin bo‘lmagan soha vakillari o‘z ishini munosiblik, mashaqqat bilan davom ettirayotgani holda aholidan faqat bir narsa – uyda qolish so‘ralmoqda. To‘g‘ri, uyda qolish so‘zining o‘zi kun bo‘yi bekorchilik, uyqu bilan vaqtni o‘tkazish, degani emas. Zero, inson tanasi bunday holatdan ham aziyat chekadi va vaqt o‘tishi bilan vujudiga ziyon yetkazadi. Shuning uchun o‘zini hurmat qilgan inson bu holatga yo‘l qo‘ymaydi va vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga intiladi.

Afsuski, vaqtini taqsimlash emas, uni shunchaki, hayot oqimiga qo‘yib berayotganlar uchun kunning qanday o‘tishi muhim emas.

Bugun ko‘pchiligimiz mamlakatimiz, butun dunyo, ehtimol, yaqinimizdagi mahallamiz, o‘zimiz bu ofatdan qanday chiqib ketarkanmiz, degan xayollar bilan band bo‘lgan paytda kimlardir oilaviy kelishmovchiliklar girdobida qolayotir. Bu masalada afsuski, ko‘p hollarda, zo‘ravonlik qurboni xotin-qizlar bo‘lib qolmoqda.

– Zo‘ravonlik – xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat deb baholanadi, – deydi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ra’no Qilicheva. – Joriy yilning mart oyidan boshlab viloyatimizdagi barcha shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarida tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlarga himoya orderi berish yo‘lga qo‘yildi. Bizga kelib tushgan murojaatlar asosida shu paytgacha viloyat miqyosida 23 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi. Aksariyat oilaviy kelishmovchiliklarga joyida, to‘g‘ri tushuntirish orqali barham berildi. Xotin-qizlarga tan jarohati yetkazgan fuqarolarga bu holat jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntirildi. Bugun karantin chog‘ida reabilitatsiya markazlari faoliyat olib bormayapti. Himoya orderi berilgan xotin-qizlar esa alohidalanishi kerak. Bu vaziyatni tushuntirib, shu holatga duch kelgan xotin-qizlar hudud profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olinmoqda.

Yuqorida bejiz bugun butun dunyo ahlida inson qalbining tub-tubida yotgan yaxshiliklar uyg‘onayotgani haqida yozmadim. Kimdir millionlab pulni xayriya qilayapti, yana kimdir turli markazlarda beminnat, beta’ma xizmat ko‘rsatmoqda, ba’zilar kundalik ishidan o‘n barobar ortiq majburiyatni bajarmoqda. Shunday vaziyatda uyda qolib, o‘z oilangiz xotirjamligini asrang, degimiz keladi.

O‘z halovatingizga, demakki, jamiyat xotirjamligiga bag‘rikenglik bilan hissa qo‘shing, degan chaqiriq bilan murojaat qilgimiz keladi!

Gulruh MO‘MINOVA.