25 dekabrdan karantin choralari kuchaytiriladi, degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarda asos bormi?
Mamlakatimizdagi pandemik vaziyat, koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi yangiliklarga oid SSV matbuot xizmati savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Atabekov javob berdi.
— Xalqimizda “niyatga yarasha beradi” degan gap bor. Bilmadim, ba’zi shaxslar bu kabi mish-mishlarni yaxshi niyatda tarqatishayaptimi yoki doim shunday “sovuq” niyat qilishga o‘rganib qolishganmi? Deylik, karantin tadbirlari qaytadan kuchaytirilsa, aniqroq aytganda, uydan chiqish, ishga borish, harakatlanish, qo‘yingki, shu kabi barcha erkinliklar chegaralansa, bundan kimga va qanday naf?! Dunyo hamjamiyatida vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lib turgan bir paytda va yurtimizda karantin tadbirlarining birmuncha yumshatilishi mavjud epidemik vaziyatga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini to‘liq anglagan holda Respublika maxsus komissiyasining cheklov tadbirlarini birmuncha yumshatishga qaror qilgani bu pandemiyani jilovlash tadbirlariga jalb etilgan sohalarga katta ishonch namunasi, desak xato bo‘lmaydi.
Albatta, bu kabi qarorlar qabul qilinishidan oldin barcha shart-sharoitlar o‘rganib chiqiladi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha imkoniyatlar tarozining ikki pallasiga qo‘yiladi hamda har tomonlama xisob-kitoblar qilinadi. Asosiysi, xalqning kayfiyati, sharoiti, imkoniyatlari va muammolari har tomonlama o‘rganiladi.
Ta’kidlanganlardan kelib chiqib, yuqoridagi kabi mish-mishlarni tarqatayotgan shaxslarga aytmochimiz: xalqni besaranjom qilib, chalg‘itib, qo‘rqitib yoki xavotirga solib baraka topmaysiz!
Respublika maxsus komissiyasi a’zolari esa karantin tadbirlarini kuchaytirish haqida hozircha o‘ylab ko‘rishmadi. Negaki, bugun bu kabi cheklovlar haqida o‘ylashga umuman asos yo‘q. Yurtimizda koronavirus kasalligi bo‘yicha barqaror epidemik vaziyat hukm surmoqda.