26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni

Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrda qabul qilgan rezolyusiyasiga binoan belgilangan.
BMTning jinoyatchilik va giyohvand moddalar ustidan nazorat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, keyingi yillarda giyohvandlikka ruju qo‘yganlar dunyoda 300 million kishidan oshib ketgan.
Jahonda qayd qilinadigan o‘limlarning 43 ta sababidan giyohvandlik oqibatida sodir bo‘ladigan o‘lim 19-o‘rinda turadi. Giyohvandlikka qarshi kurashda ilk bor bundan 100 yil muqaddam hamkorlik qilina boshlangan. 1909 yilning fevral oyida 13 ta davlat vakillari Osiyoda giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi kurash maqsadida Shanxayda to‘plangan. O‘shanda Shanxay komissiyasi tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lganlar orasida qayd etiladigan o‘limlarning 1,3 foizi giyohvandlik oqibatida yuz berar ekan. Bir yilda 211 mingta o‘lim aynan giyohvandlik oqibatida kelib chiqadi. Yevropada giyohvandlik oqibatida halok bo‘layotganlarning o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil qiladi. Mutaxassislar fikricha, giyohvandlik oqibatida 1,6 million kishi OITSga mubtalo bo‘ladi. 7,2 million kishi esa gepatit C virusini yuqtirib oladi. 1,2 million kishi gepatit B virusiga chalinadi.