Samarqand viloyatidagi 274 mahallada jinoyat sodir etilmagan

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasida huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati hamda profilaktika inspektorlarining 2018 yil yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari, shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda profilaktika inspektorlari 2018 yilda viloyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha keng jamoatchilik bilan hamkorlikda salmoqli ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yil huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ichki ishlar idoralari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida viloyatda umumiy jinoyatlar soni 32 foizga kamaygan. 1087 mahallaning 274 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Jamoatchilik ko‘magida xonadonlarga kirib o‘rganilganda 5008 ta nizoli holatlar aniqlangan va “Yarashtirish komissiyasi” muhokamasida 4650 oilalar yarashtirilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilning 10 yanvar kuni Prezidentimiz huzurida ichki ishlar organlari xodimlari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi, hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini amalga oshirishda o‘tgan yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

 Tadbirda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, profilaktika inspektorlariga esdalik sovg‘alar, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘iga “Damas” avtomashinasi topshirildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.