3 million o‘rniga 1,5: Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar xato bo‘lsa...

Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi vaqtda viloyatimizdagi idora va tashkilotlar, korxonalarda 27 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Ishsizlar soni 41 ming nafarga yaqin. Savol tug‘iladi: nega ishsizlar soni ko‘p bo‘la turib, shuncha ish o‘rni bo‘shligicha qolmoqda? Yoki bu raqamlar shunchaki hisobot uchunmi? Umuman, bugun bo‘sh ish o‘rinlari qanday ro‘yxatga olinyapti? Shu va boshqa savollarga javob izladik.

Birinchi manzilimiz viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bo‘ldi. Boshqarmaning mehnat bozori tahlili, bo‘sh ish o‘rinlari hisobini yuritish va ishga joylashtirish shu’basi bosh mutaxassisi Yashnar Saitmaliyevning ma’lum qilishicha, hozir bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali ro‘yxatga olinadi. Jarayon to‘liq elektronlashtirilgan bo‘lib, unda ham davlat, ham xususiy tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari real vaqt rejimida ko‘rinadi.

— Mazkur tizim yaratilgunga qadar tashkilotlar har oy o‘zida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida hisobot berishi kerak edi, - deydi Yashnar Saitmaliyev. – Jarayonda xatoliklar bo‘lishi yoki hisobotlar o‘z vaqtida tizimga kiritilmay qolgan holatlar kuzatilgan. Endi bunday muammolar deyarli yo‘q. Agar ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini tugatsa, ma’lumotlar avtomatik ravishda tizimda aks etadi va bo‘sh ish o‘rni to‘g‘risida ma’lumot chiqadi. Bu jarayondagi bizning vazifamiz ish beruvchilarga huquqiy va uslubiy ko‘mak berib, xato kiritilgan ma’lumotlarni to‘g‘rilab borish.

To‘g‘ri, ish o‘rinlari ko‘p. Biroq ular haqida ko‘rsatilgan ma’lumotlar doim ham to‘g‘ri chiqmasligi mumkin. Buni joylarda ishsizlar bilan muloqotimiz davomida ko‘p eshitganmiz.

Mas’ulga ko‘ra, bunday xatolikka asosan xususiy tashkilotlar tomonidan yo‘l qo‘yilmoqda. Misol uchun, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’londa ish haqi 3 million so‘m sifatida ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin, ammo fuqaro ishga joylashish uchun borganda, maosh 1 million 500 ming so‘m ekanligi ma’lum bo‘ladi. Boshqarma shu kabi murojaatlar asosida o‘rganish olib borib, muammoni bartaraf etishi ma’lum qilindi. Shuningdek, idoraning har bir hududiy bo‘limida ish beruvchilar bilan ishlash va bo‘sh ish o‘rinlarini yuritish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy qilinib, u ko‘rsatilgan ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotni tahrir qilish bilan shug‘ullanmoqda. Joriy yil hisobidan viloyatda mavjud 27 ming bo‘sh ish o‘rnining 4700 tasi tahrirdan o‘tkazilgan ekan.

— Bunaqa holatlar ko‘p uchraydi, - deydi Samarqand tumani kambag‘allikni qisqaritirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi bosh mutaxassisi Abdujabbor Salimov. – O‘rganishlar davomida tizimga xato ma’lumot kiritilishiga ko‘pincha ish beruvchi yoki uning kadrlar bo‘limi mas’ulining uquvsizligi yoki mas’uliyatsizligi sabab bo‘ladi. Misol uchun, yaqinda tumanimizdagi xususiy tashkilotlardan biri 30 nafar fuqaroni yollagan bo‘lsa-da, ularning ma’lumotini tizimga o‘z vaqtida kiritmaganligi uchun bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumot saqlanib qolgan. Biz ular bilan bog‘lanib, ma’lumotni yangiladik. Umuman, bugungacha tumanimizdagi 1400 ta bo‘sh ish o‘rnidan 880 tasini tahrirlab chiqdim.

Mutaxassislar joylarda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlari va ko‘p xatolikka yo‘l qo‘yayotgan ish beruvchilarga huquqiy va uslubiy ko‘mak berib kelmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ularning murojaatlari bo‘yicha maslahat beriluvchi maxsus guruhlar tashkil etilgan.

Jarayonni o‘rganish davomida bir holat e’tiborimizni tortdi. Ya’ni, bugungi kunda bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etuvchilar asosan xususiy sektor vakillari, biroq qonunchilikda ularga Yagona milliy mehnat tizimiga ma’lumot kiritishida mas’uliyat belgilanmagan. Oqibatda bir davlat xodimi ular joylagan ma’lumotlarni tahrir qilib, xatolikka yo‘l qo‘yganlaridan ma’lumotlarni to‘g‘rilashni so‘rashga majbur. Bu ham maslahat shaklida bo‘lib, yakuniy harakat tadbirkorning o‘ziga bog‘liq bo‘lmoqda. Agar qonunchilikda shu bo‘shliq ham to‘ldirilsa, tadbirkorlar o‘zida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javob bersa, yuqoridagi ovoragarchiliklar bo‘lmasmidi?

Asqar BAROTOV.