Sun’iy intellekt “oq”mi yoki “qora”?

Bugungi kunda sun’iy aql bilimlarni o‘zlashtirish, muammolarni hal etish, qaror qabul qilish, oldindan xabar berish, suhbatlashish va boshqa vazifalarni bajarmoqda. Xo‘sh, buning qanday foydali tomonlari bor, zarari-chi?

Navoiy shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi hamda uyushmaning viloyat bo‘limi hamkorligida Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar uchun “Sun’iy intellekt axborot xavfsizligiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan seminarda ana shu savollarga aniqlik kiritildi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi ziyo maskani

Seminar avvalida ishtirokchilar uchun Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi. 

Dastlab OAV vakillari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyat bo‘limida jam bo‘ldi. Ushbu ziyo maskanida yaratilgan sharoitlar respublikada yagona bo‘lib, xalqaro darajadagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, bino zamonaviy jihozlar bilan ta’mirlangan bo‘lib, tadbirlar o‘tkaziladigan katta zalda birinchi va ikkinchi Renessans davrida yashab ijod etgan allomalar, olimlar, adabiyotshunoslar, tarixda nom qozongan buyuk shaxslar, taniqli teatr, kino, musiqa va san’at darg‘alarining surati va ular yashagan davr haqida ma’lumotlar keltirilgan. Binodagi kutubxona, muzey, to‘garak xonalari ham soha vakillari va yoshlar ixtiyorida. E’tiborlisi, viloyat madaniyat boshqarmasi ham shu binoda joylashgan bo‘lib, kerakli media apparatlar va led-monitorlar bilan ta’minlangan va ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Asosiysi, viloyatdagi tadbirlar tegishli boshqarma, tashkilot va korxonalar bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘tkazilmoqda.

Issiqxonadan yiliga 700 ming dollarlik  sof foyda

Keyingi manzil Karmana tumanidagi “ZARAFSHON GOLDEN GROUP” MChJ tarkibidagi issiqxonada bo‘ldi. 14,3 metr kvadrat yer maydoniga ega mazkur issiqxonada pomidor va qulupnay mahsulotlari yetishtiriladi. 180 nafar ish o‘rni yaratilgan korxonada mahalliy bozorlarimizga oliy va sifatli navli pomidor va qulupnay mahsulotlarini arzon va qulay narxlarda yetishtirib berish bilan bir qatorda qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinadi. 

– Korxonamiz 15 million AQSh dollari investitsiya mablag‘i asosida tashkil etilgan, – deydi “ZARAFSHON GOLDEN GROUP” MChJ ish boshqaruvchisi Fozil Bozorov. – Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan issiqxonamizda gaz va ko‘mir asosida isitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yiliga 4 million dollarlik daromad manbaiga ega va 700 ming dollarlik sof foyda olinadi.

Mahsulotlarimiz Turkiya davlati bilan hamkorlikda Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinmoqda.

Kobra, gyurza, efa ko‘paytirilib, zahridan dorilar tayyorlanmoqda

Navbahor tumanidagi “BIOTECH RESEACH and INNOVATION” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasidamiz. Chet el investitsiyalari asosida 20 million AQSh dollaridagi loyiha qiymatiga ega korxonaning byudjetga tushum mablag‘i 5 million dollarni tashkil etadi. Ayni kunlarda 8 million dollar qiymatidagi eksport muhsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Jamiyat tomonidan 10 mingdan ortiq ilon, 3 mingta sudralib yuruvchilar va 20 mingdan ortiq o‘rgimchaklarni yetishtirish bo‘yicha serpantariy va terrarium tashkil etilgan.

– Joriy yilda korxonada 20 million dollarlik chet el investitsiyalarni jalb qilish hisobiga ilmiy ishlab chiqarish kompleksi tashkil etildi, – deydi korxona rahbari Botir Fayozov. – Mazkur kompleks naslni tiklash uchun reablitatsiya markazi, vivarium tadqiqot va ozuqa bazasi, zardob, kosmetika dorilarini ishlab chiqarish faoliyatini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yo‘qolib ketayotgan ilonlar, chayonlar va boshqa jonzotlar turlari ko‘paytirilib, tabiatga qaytariladi.

Sun’iy intellekt ma’lumotlarini o‘zimiz "filtr"lashimiz kerakmi?

Press-tur davomida OAV vakillariga Yangi Navoiy shaharchasi loyihasi hamda Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining yangi binosi qurilishi haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Navoiy shahridagi yoshlar markazida “Sun’iy intellekt axborot xavfsizligiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Yangi imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, xalqaro toifadagi media-trener, taniqli jurnalist Beruniy Alimov ishtirok etib, jurnalist va blogerlarga sun’iy intellektning turlari, foydali va xavfli jihatlari haqida ma’lumot berdi.

– Bundan 20-25 yil oldin, ya’ni ijtimoiy tarmoqlar endi urf bo‘layotgan paytda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi, – deydi B.Alimov. – Sun’iy intellekt ham milliy axborot makonimizga ana shunday shiddat bilan kirib kelyapti.

Xo‘sh, sun’iy aql oq yoki qora, ya’ni yaxshi yoki yomon? Misol uchun, hozir matn yozishdan, foto, video va boshqa kontentlarni tayyorlashgacha undan keng foydalanyapmiz. Bu bir tomondan media olamida ko‘proq imkoniyatlar kengayayotganini bildirsa, boshqa tomondan yolg‘on ma’lumot berish, inson qiyofasiga kirish, odamlarning fikrini o‘zgartirish va boshqa muammolar borligini ham ko‘rsatmoqda. Sun’iy intellekt hayotimizga kirib bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlar kabi uni salbiy qabul qilolmaymiz.

Boshqacha aytganda, feyk xabarlar kabi sun’iy intellekt berayotgan ma’lumotlarni har bir kishi, ayniqsa, jurnalist va blogerlar "filtr"lashi, ishonchli manbalardan foydalanib, xalqimizga haqqoniy axborot yetkazishi kerak.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

Fazliddin Ro‘ziboyev,

Husan Eltoyev (foto).