Sun’iy intellektni joriy etishga tayyorlik bo‘yicha 131-o‘rindamiz
Bugungi kunda sun’iy intellekt iqtisodiyotning barcha sohalarida faol va keng miqyosda joriy etilyapti.
Sun’iy intellekt mehnat bozorlaridan tortib raqamli infratuzilma va ta’minot zanjirlarigacha bo‘lgan hamma narsani inqilob qilib, global iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirishga tayyor. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bandligining deyarli 40 foizi sun’iy intellekt ta’sirida, ayrim tarmoqlar esa boshqalarga qaraganda sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirishga ko‘proq moyil, deya xabar beradi ranking.kz.
Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib sun’iy intellekt inson aql-zakovati darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyotiga yiliga 4,4 trillion dollar qo‘shishi mumkin. Hozirgacha 60 ta davlat o‘z milliy sun’iy intellekt strategiyalarini ishlab chiqdi, jumladan Braziliya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Singapur va Janubiy Koreya.
XVJ tomonidan taqdim etilgan sun’iy intellekt tayyorgarlik indeksiga ko‘ra, 2023 yilda sun’iy intellektni joriy etishga tayyor davlatlar orasida Singapur, Daniya va AQSh yetakchilik qilgan. Singapur sun’iy intellektni rivojlantirishga va davlat xodimlari uchun vositalarni yaratishga faol sarmoya kiritib, o‘z fuqarolariga ushbu texnologiyalarni tezda o‘zlashtirishga yordam berib kelyapti.
Keltirilgan ro‘yxatda174 davlat orasida Singapur, Daniya va AQSh eng yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, Janubiy Sudan, Afg‘oniston va Somali kabi davlatlari eng kam tayyorgarlik ko‘rgan.
Markaziy Osiyo va YeOII mamlakatlari orasida Rossiya, Armaniston, Belarus yetakchi o‘rinlarda. Qo‘shnimiz Qozog‘iston 50 ta yetakchi davlatlar qatoriga kirdi va 0,55 ball bilan 48-o‘rinni egalladi. Yana bir qo‘shnimiz Qirg‘iziston 99-o‘rinni band etgan.
O‘zbekiston reytingda 131-o‘rinda qayd etilgan. Bu esa mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirishni jadallashtirish zaruratidan dalolat beradi.
Sun’iy intellekt tayyorlik indeksi to‘rtta asosiy omilni baholaydi: raqamli infratuzilma, inson kapitali, texnologik innovatsiyalar va qonunchilik asoslari.