3 nafar fuqaroning 81 million so‘m mablag‘ini qo‘lga kiritgan fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Norin tumani bo‘limi tomonidan fuqaro A.ning tumanda faoliyat ko‘rsatuvchi “A-O” fermer xo‘jaligi rahbari T.R.ning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, yozgan murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fermer xo‘jaligi rahbari T.R. fuqaro A. va yana 2 nafar fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab, Katta O‘lmas massivi hududidagi xo‘jalikning sug‘oriladigan ekin yer maydonlari hisobidan ularga uy-joy qurish uchun yer ajratish va hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 81 million so‘m pul mablag‘larini qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Bu haqda Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Shuningdek, tekshiruv davomida fermer xo‘jaligi rahbari T.R. muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlanganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan “A-O” fermer xo‘jaligi rahbari T.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.