383 ta kollejning maktablarga aylantirilishi hisobidan 221 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktablar binosi yetishmovchiligi masalasi ko‘tarildi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, 2018-2021 yillar davomida maktablarning moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaxshilash borasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida maktablarda qo‘shimcha yangi 474,5 ming o‘quvchi o‘rinlari yaratilgan.

Shundan 58,7 ming o‘quvchi o‘rni yangidan barpo etilgan 156 ta maktabda hamda navbatlilik koeffitsenti yuqori bo‘lgan mavjud 1 511 ta umumta’lim maktablariga qo‘shimcha o‘quv binolari barpo etilishi natijasida 371,4 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishiga erishildi.

Yuqorida tilgan olingan qariyb yarim million o‘quvchi o‘rnini yaratishga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, maktablar 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tishi munosabati bilan bo‘shab qolgan 383 ta kasb-hunar kollejlari maktablarga aylantirilishi hisobidan 221 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.

Ushbu yangi o‘quv o‘rinlarining yaratilishi navbatlilik koeffitsenti oshib ketgan maktablardagi holatni me’yor darajasiga olib tushishga va ta’lim olishga munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun maktablar rekonstruksiya qilinadi va yangidan barpo etilishi qayd etilgan.