43 nafar koronavirusga chalingan bemorning sog‘ayishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan o‘zbek hamshirasi

Hamshiralar tibbiyotning eng oldingi bo‘g‘inida yuradigan, bemorni  shifokordan-da birinchi bo‘lib qarshi oladigan, ular bilan doimo yuzma-yuz muloqot qiladigan mutaxassislardir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hamshiralarning bilimi, salohiyati ko‘pchilikda tibbiyotning bugungi holati haqida dastlabki tasavvurni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, bugun butun dunyodagi pandemiya davrida mamlakatimizdagi  tibbiyot muassasalarida faol ish olib borayotgan uch yuz ming nafardan ziyod fidoyi hamshiralarimizning har biri bunday yuksak mas’uliyatni teran his etib, mehnat qilayotgani hammamizni quvontiradi.

Ana shunday o‘z ishida ham, oila va jamiyatda ham faol va tashabbuskor hamshiralarimizga qancha ehtirom ko‘rsatsak arziydi. Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurashayotgan 50 ming nafardan ziyod hamshiralar faoliyati alohida tahsinga loyiq.

Surati e’tiboringizga havola etilayotgan ana shunday fidoyi hamshiralardan biri, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi xodimi Fotima Husanovadir.

Fotimaning yuzida yangidan hosil bo‘lgan chandiqlar ham o‘z kombinezonini yechmasdan, hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, kunni tunga ulab qilgan mashaqqatli va matonatli mehnatining natijasidir, deb yozmoqda SSV matbuot xizmati.

“Shunday olijanob kasb tanlaganimdan faxrlanaman, bu qiyinchilik, sinovlar ortda qolayapti. Hamkasblarim bilan qisqa vaqt ichida koronavirusga chalingan o‘nlab bemorlarning sog‘ayishi, ularning o‘zi va oilalarining quvonchiga sabab bo‘layapmiz. Biz uchun odamlarimizning sog‘lom va xushkayfiyatda yurishidan-da ortiq baxt yo‘q”, deydi Fotima Husanova.