55 yoshga kirmay 6 marta sudlangan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Umr inson uchun atigi bir marotaba beriladigan ne’mat. Uni qanday o‘tkazish har bir insonning o‘z qo‘lida. Hayotidan rozi yoki ko‘ngli to‘lmay, pushaymonlik azobida qovurilib o‘tish ham odamning o‘ziga bog‘liq.

Toshkent shahrida tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan Namanganga kelib qolgan Ikrom Ixtiyorov joriy yilning yanvar oyida o‘zining 53 yoshini nishonlagandi. Odatda, bu yoshdagi kishilar “hamma narsa yoshlikka xos, endi katta bo‘lib qoldik”, deya ibratomuz hikoyalar keltiradigan, hayotiy tajribalari, ko‘rgan-kechirganlari, yaxshi-yomonning borajak manzili, umr qadri borasida so‘zlaydigan bo‘lib qolishadi.

Ikrom Ixtiyorov esa afsuski, eng kuchga to‘lib, ishlaydigan davridan boshlagan “faoliyati”ni kanda qilmadi. Yomonlik qobig‘iga o‘ralib qolgan bu shaxs egri yo‘ldan qaytmadi. Bir necha bor qamalishiga qaramay o‘ziga yetarli saboqni olmadi. Pensiya yoshiga yetmagan mazkur shaxs qarangki, oltinchi bor sudlanib temir panjaralar ortiga ravona bo‘ldi.

Namangan shahridagi “Yashil dehqon bozori”da haftaning har shanba kuni katta savdo tadbiri bo‘ladi. G‘oyat tiqilinch bu bozorda eski qilig‘i xuruj qilib turgan I.Ixtiyorov ham bor edi. U bozor tomon oshiqayotgan ikki ayolning ortidan tushdi. Ulardan biri so‘zlashib bo‘lgach, telefonini cho‘ntagiga solarkan, tiqilinchdan foydalanib, ustomonlik bilan uni sug‘urishga muvaffaq bo‘ldi...

Ammo nazoratda bo‘lgan shaxsning bu xatti-harakati IIB xodimlari e’tiboridan chetda qolmadi. Zudlik bilan ko‘rilgan choralar Ikromni vaziyatdan chiqib ketishiga ham yo‘l qoldirmadi.

Afsuski, I.Ixtiyorov nopok yo‘ldan qaytmagan ekan. U oltinchi marotaba sudning qora kursisiga o‘tirdi va uning bu galgi qilmishi uchun sud tomonidan sudlanuvchiga 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

«Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi», deydi xalqimiz. Odatda ushbu maqol qilgan xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmaydigan, jinoyat ustiga jinoyat sodir qiladigan kishilarga nisbatan qo‘llaniladi.

Bu yoshda kishilar farzandlar, nabiralar to‘yini qilib, elga osh beradi. Muborak Haj ziyoratini qilib, yoshlarga halol va harom haqida pand-nasihat o‘qiydi. Halol topganidan yetim-yesir, nochoru bechora, kasal-nogironlarni otaliqqa olib, insoniy fazilatlari bilan ibrat bo‘ladi. Zero, bundaylarning davlati kamaymaydi, muhtojlik nima bilmaydi.

Afsus, ayrim yurtdoshlarimiz borki, nochorlikdan chiqa olmaydi. Na elga qo‘shiladi, na yurtga foyda keltiradi. Oila saodati, otalik yoki onalik baxti unga begona.

Akramjon ARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining katta konsultanti.