61 kishini chuv tushirgan yana bir bandlik agentligining firibgarligi fosh etildi

Surxondaryoda xorijga ishga yuborishni va’da berib, katta miqdorda aholi mablag‘ini o‘zlashtirgan bandlik agentligi fosh etildi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura departamenti.

Xabarda aytilishicha, “I.J.O. xususiy bandlik agentligi” MChJ Daniya va Shveysariya davlatlariga ishga yuborishni va’da berib, 61 nafar fuqarodan 45 million so‘mdan jami 2,6 milliard so‘m mablag‘ yig‘ib olgan. Fuqarolarni ishga yubormasdan, ularning manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, jamiyatga aloqador shaxslar 2019 yilning iyul oyida Koreya Respublikasiga ishga yuborish vaji bilan 4 nafar fuqarolarning 16 500 AQSh dollari hamda 125 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Ushbu va boshqa qonunbuzarlik holatlari yuzasidan “I.J.O. xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari Sh.A. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.