68 yil davomida temir kapsulada yashayotgan odamning hayoti qanday kechyapti?
Bu voqea hayotni qutqaruvchi vaksina ixtiro qilinishidan uch yil oldin sodir bo‘lgan.
Saratdagi kishi Pol Aleksander, olti yoshligidan boshlab u deyarli kechayu kunduz temir kamerada yotadi. Kamera uning hayotini saqlaydi, u uning temir o‘pkasi.
Aleksander hozir 74 yoshda va dunyodagi bunday kamerada yashaydigan ikki kishidan biridir. Bugun uning bu tuzoqqa qanday qilib tushib qolgani haqida gapiramiz.
Dahshatli kasallikning boshlanishi
1952 yilda kichkina Pol betob bo‘lib qoldi: harorati ko‘tarilib, yuzi oqarib ketdi. Kelgan shifokor unga poliomelit tashxisini qo‘ydi (O‘sha yili kasallikning eng kuchli epidemiyasi sodir bo‘lgandi. Faqatgina AQShda 52 mingta holat qayd etilgan).
Poliomiyelit virusdan kelib chiqadi, u tanaga kirib, isitma va kuchli mushak og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Keyin virus asab tizimiga kirib, falajlikka olib keladi.
Bola kamerada uyg‘ondi
Tashxis qo‘ygan shifokor “kasalxonada kasal bolalar juda ko‘p, Polning ahvoli unchalik yomon emas, infeksiya orqa miyaga yetib bormasdan, tezda yo‘qolib ketishi ehtimoli bor”, deb u yerga bormaslikni maslahat berdi. Biroq shifokor xato qilgan ekan: ertasi kuni kichkina Pol mushaklaridagi og‘riqdan dodlab yig‘ladi, u bo‘g‘ilib qoldi. Bola shunchalik madorsiz ediki, hatto gapira olmasdi. Onasi uni kasalxonaga olib bordi.
Pol keng xonada uyg‘ondi, nimadir uning harakatlarini to‘xtatib turardi, atrofida boshqa bolalarning boshi va hamshiralar bo‘lardi. Bolalarning barchasi poliomelit bilan kasallangan va Pol singari ular ham mustaqil nafas ololmasdi. Shu paytdan boshlab Pol va uning temir o‘pkalari birlashdi.
Bu kamera qanday ishlaydi?
Havo kameradan mexanik ravishda so‘rib chiqiladi, ichkarida vakuum yaratgan bosim natijasida odamning o‘pkasi kengayadi va u nafas oladi.
Yuvinish yoki hojatxonaga borish uchun Pol nafasini ushlab turishiga to‘g‘ri kelardi. Shu tarzda u 18 oy o‘zining aytishicha (do‘zaxda) kasalxonada yotdi. Dastlab u hatto boshqalar bilan muloqot qilmadi, negaki juda zaif edi.
Keyinchalik u yuzini burishtirib mazax qilgan bolalar birin-ketin ko‘z o‘ngida vafot etar, ularning o‘rniga yangilari olib kelinardi, lekin Pol ular bilan gaplashmay qo‘ydi. U yana bir do‘stini yo‘qotishni o‘ylab, dahshatga tushardi.
Yashash istagi
Pol qisman tiklana oldi va hatto maxsus “qurbaqa nafasi” nafas olish texnikasini o‘zlashtirdi. Bu usul kameradan tashqarida bir yoki ikki soat vaqt o‘tkazishga imkon beradi. Qolgan paytda uning hayoti temir o‘pkaga bog‘langan bo‘lib, hushiga kelgan kunidan boshlab 68 yil davomida kameradan uzoqlashgani yo‘q.
Shunga qaramay, Pol maktabni tugatib, universitetga o‘qishga kirdi va hatto oila qurishga muvaffaq bo‘ldi. 30 yoshida advokat kasbiga ega bo‘ldi va tez-tez sud majlislariga borardi. Hakamlar hay’atining ko‘ziga qarab nutq so‘zlashi qulay bo‘lishi uchun uning temir o‘pkalari uchun maxsus vertikal ustun yasashdi.
U zo‘r advokat bo‘lib yetishdi. Lekin faol amaliyotdan voz kechishga to‘g‘ri keldi, yana sog‘lig‘i pand berdi.
***
So‘nggi bir necha yil ichida uning ahvoli yomonlashdi, endi u umuman kameradan chiqa olmaydi, bir qator nafas yo‘llari kasalligi va yoshi uni holdan toydirib qo‘ydi.
Boshidan kechirgan barcha dahshatlar, odamlarning yomon munosabatlari va barcha qiyinchiliklarga qaramay, Aleksander to‘laqonli hayot kechirishga muvaffaq bo‘ldi va hozir ham hayotdan umidini uzgani yo‘q.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.