69 million so‘mlik tamaki mahsulotini Qozog‘istonga o‘tkazmoqchi bo‘lgan temir yo‘l xodimiga tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirildi

Sud unga 4 yil muddatga ozodlikni chelkash jazosi (ozodlikdan mahrum qilish emas) tayinladi. Ammo u hukmdan norozi bo‘lib, ariza berdi...

Sharif Azamatov (ism, familiyalar shartli) asli toshkentlik, 1989 yil 28 noyabrda Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Ahamiyatlisi, u Toshkent temir yo‘l muhandislik institutining sirtqi bo‘limida 3-bosqich talabasi bo‘lgan.

Sh.Azamatov shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli filialda poyezd elektr mexanigi vazifasida ishlagan.

Xizmat vazifalariga harakatlanish uchun tayyorlanayotgan yo‘lovchi poyezdlarning texnik holatini ko‘zdan kechirishi, aniqlangan nuqsonlarni ta’mirlash, yo‘lovchi poyezdi harakatlanishi davomida poyezd texnik holatini tekshirib, nuqsonlarning bartaraf etilishini ta’minlab borish va boshqalar kirgan.

Biroq u 2019 yil 8 oktyabr kuni kelgusida Qozog‘iston Respublikasiga olib o‘tish maqsadida o‘zi xizmat olib borayotgan turistlar uchun mo‘ljallangan yo‘lovchi poyezdiga yuklash uchun Samarqand temir yo‘l bekatidagi elektr ta’minoti distansiyasining ma’muriy binosi va temir yo‘l bekati hududini ajratib turuvchi devorning ichki qismida ko‘p miqdorda tamaki mahsulotlarini saqlagan.

Ammo Samarqand viloyati IIB transportda xavfszlikni ta’minlash boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Sh.Azamatov ushlanib, 7 500 pachka “KENT Blue-8” markali tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

7 500 pachka “KENT Blue-8” markali tamaki mahsulotlari umumiy bahosi 69 million so‘mlik bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 20 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Sh.Azamatovga Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari bilan jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sh.Azamatovning asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqidagi shikoyatiga asosan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.

Birinchi instansiya sudi tushuntirishlariga rioya qilingan holda yuritilib, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni, shu jumladan, sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari hamda ishda mavjud boshqa dalillar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilib, ularga tegishli huquqiy baho bergan.

Sud qonuniy, asosli va adolatli to‘xtamga kelganligi sababli uning hukmi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirishsiz qoldirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi.