8 mart uchun pul yig‘ilayotgan sinf rahbarlariga chora ko‘rildi

Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi 184-umumiy o‘rta ta’lim maktabida noqonuniy pul yig‘imlari bo‘layotgani va bu bo‘yicha ko‘rilgan chora yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Chilonzor tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan mazkur holat o‘rganildi va o‘rganish natijasida 184-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-“V”, 8-“B”, 10-“G” sinflarida bayram munosabati bilan pul yig‘imlari yig‘ilayotganligi aniqlandi.

Ushbu holat bo‘yicha maktab direktori L.G.Ramazonovadan tushuntirish xati olindi va pul yig‘imlari aniqlangan sinf rahbarlari L.Shaymuhametova, E.Gildiyeva va G.Rahmonovalarga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatning oldini olish maqsadida Chilonzor tumani xalq ta’limi xodimlari, maktabning pedagog xodimlari va kuzatuv kengashi a’zolari ishtirokida “Noqonuniy pul yig‘imlarining oldini olish” mavzusida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi.