Abituriyentlarning 51,2 foizi 56,7 ball ham to‘play olmadi

Yaqin yillarda maktablarimizni tugatgan abituriyentlarning yarmidan ko‘pi, aniqrog‘i 550 ming yoshlar test topshirilgan fanlarni 2 bahoga ham bilmaydi.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab fikr-mulohazalarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik “Bizda ta’lim tizimi tamom bo‘ldi”, degan xulosa berishga ham ulgurdi.

Biz hammamiz ta’limga o‘zimizni aloqador deb bilamiz. Chunki hayotimizning ma’lum qismi shu tizimda o‘tgan, hech qursa o‘zimiz davrimizdagi holatni eslab ham taqqoslaymiz, tahlil qilamiz, baholaymiz. Bahoyimiz, nari borsa, u yoq-bu yoqdan eshitganimiz yoki o‘sha, o‘zimiz saboq olgan davrlar bilan o‘lchanadi. Aniq bilaman, bugun bu tizimga baho berayotganlarning aksariyati ham sohani chuqur bilmaydi.

Mayli, gap bunda emas. Aslida xalq ta’limi – mamlakatimizdagi eng yirik, aholining katta qismini ish bilan, ta’lim oluvchi sifatida qamrab olgan tizim sanaladi. Bu tizimdan norozilar doim bo‘lgan. Va tabiiyki, nafaqat bizda, balki butun dunyoda ushbu tizim mudom islohotga muhtoj. Ya’ni yuqoridagi bir raqam bilan sohani “chirib ketgan” deb aytish noo‘rin. Butun dunyoda ilm-fan sohasida yangiliklar  bo‘layotgan bir paytda ta’lim hech qachon joyida qotib qolmaydi, u mudom o‘zgarish va qo‘shimchalarga muhtoj bo‘ladi.

- Sobiq ittifoq davrida ta’lim yomon bo‘lgan, deb aytmoqchimasman, ammo erkinlik yo‘q edi, shuning uchun doim men boshqacha o‘qituvchi bo‘laman, deya orzu qilardim, - deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Feruza Gaffarova. – O‘quvchiga faqat buyruq berilardi, do‘stona munosabat ko‘rmaganman. Bugun o‘qituvchilar o‘quvchi bilan teng muloqot olib borgan holda dars o‘tadi. Shunday qila olgan o‘qituvchigina yutyapti. To‘g‘ri, hozir ham ta’lim tizimida muammolar talaygina.

Bugun o‘quvchilarning hammasini oliy ta’limga jalb qilishga e’tibor kuchaygani juda yaxshi, o‘qituvchilardan, maktabdan shu narsa talab etilayotgani, oliy ta’limga qabul qilinayotgan o‘quvchilari soni ko‘p bo‘lgan maktablar rag‘batlantirilayotganidan ham xursand bo‘lamiz. Lekin bu masalaga juda katta e’tibor qaratish, maktabga baho berishda faqat shu mezonlarni qo‘llashni ma’qullamayman. Sababi, maktabni tugatayotgan o‘quvchilarning 80-90 foizi oliy ta’limga qamrab olinishi, ahyon-ahyonda uchrab tursa-da, ammo uni keng tatbiq etishning iloji yo‘q. O‘quvchi talaba bo‘lishi shart emas, o‘zi qiziqqan sohaning egasi bo‘lishi kerak, degan fikrni o‘quvchilarga singdira olishimiz zarur. Uzoq yillik o‘qituvchi sifatida aytishim mumkinki, bir sinfda oliy ta’lim muassasasiga kira olgan o‘quvchilar soni o‘rtacha 20 foizni tashkil etgan.

O‘quvchilar orasida turli tanlovlarning o‘tkazilishi yaxshi. Ammo bu kabi tadbirlar darsga xalaqit bermasligi lozim. Afsuski, bugun dars jarayoni har qanday tadbirdan keyingi o‘ringa tushib qolmoqda. Yoshlar bilan shug‘ullanadigan turli tashkilotlarining targ‘ibot ishlariyu, boshqa masalalar faqatgina darsdan so‘ng o‘quvchining vaqtini olsin.  Dars – muqaddas! Buni nafaqat o‘qituvchi, balki o‘quvchi ham his qilishi, dars mas’uliyatini maktab davridanoq bilishi lozim. Aslida yaxshi o‘tilgan darsning o‘zi tarbiya hamdir. Oliy ta’lim talabasi bo‘lish imkonini berish uchun ko‘p maktablarda yuqori sinf o‘quvchilarining repetitorga qatnashiga imkon berilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu maktabning obro‘yini tushirishi haqida esa o‘ylamayapmiz.

(Garchi mavzuga aloqador bo‘lmasa-da, shu o‘rinda bir fikrni keltirib o‘tmoqchiman. Feruza opaga qo‘ng‘iroq qilganimda dam olishda ekanini aytdi. Toshkentdagi sanatoriylardan biriga o‘g‘li yo‘llanma olib bergani va shu yoshga kirib umrida ilk bor (!) sanatoriyga kelganini eshitib, yig‘lagim keldi. Xalq o‘qituvchisigaki, dam olib kelishga imtiyoz, qo‘llab-quvvatlov yo‘q ekan, boshqa o‘qituvchilarga qanday e’tibor ko‘rsatildi, deb so‘rash ham noo‘rin, nazarimda).

Umuman, ta’lim tizimi haqida gapirganda bugun unda ota-onaning ishtirokini alohida ta’kidlashni o‘tishni istardim. Qaysi o‘qituvchi bilan suhbatlashmang, bugun past baho qo‘ygan o‘qituvchi bilan “yeng shimarib, jangga kirishish”ga chog‘langan ota-onalardan nolib qolishadi. Nechta o‘qituvchilar shunday dahanaki tortishuvlardan so‘ng shifoxonalarga tushgani haqida aniq misollarim bor.

“Shunday voqealardan keyin ota-onalarga baho kerak ekanda, deb yaxshi baho qo‘yadigan bo‘lganmiz” deya hafsalasi pir bo‘lgan o‘qituvchilar qancha. Bolasining bahosi uchun o‘qituvchining nafaqat kasbiga hurmatsizlik bildirayotgan, balki uning hayotiga xavf solayotganlar ham bor. Afsuski, shu misollarning aksariyatida maktab rahbariyati o‘qituvchini himoya qilishdan tiyilgan. Boshqa joyga arz qilib yurmasin, ortiqcha tashvish, deya garchi haq bo‘lsa-da, o‘qituvchini emas, ota-onani himoya qiladigan maktab rahbarlari qatlami paydo bo‘lgani ham ko‘pchilikka sir emas. Shundog‘am dars o‘tishdan tashqari minglab qog‘ozbozliklarni bajarishga majbur o‘qituvchiga bunday munosabat, bor ishtiyoqni ham so‘ndirishi aniq.

Afsuski, darsingizni tekshirib ko‘ray, bolam nimalarni o‘rganyapti, deya maktabga keladigan ota-onalar barmoq bilan sanarli. Qars ikki qo‘ldan chiqishini unutmaylik. Maktabni mingta nazoratchi kelib tekshirmasin, ammo ota-onalar bilim bilan, ta’lim bilan qiziqmas ekan, ahvolimiz hali beri o‘nglanmaydi.

Darvoqe, oliy ta’limga kirish masalasi. Xorijda oilaviy yashaydigan yaqin qarindoshlarimiz bor. Ular bilan suhbat jarayonida anglaganim shuki, u yerda ham repetitorga bormagan bola o‘qishga kira olmaydi.

- To‘g‘ri, farzandimiz bepul ta’lim oladi, ammo har oy uning repetitorga qatnashi uchun bir ming AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflashimga to‘g‘ri keladi, - deydi ulardan biri. – Agar shunday qilmasak, u past ko‘rsatkichli maktabda qolib ketaveradi. Oltinchi sinfidan boshlab, u repetitorga qatnaydi. Mana hozir oliy ta’lim dargohi talabasi bo‘ldi, yiliga 30 ming AQSh dollari shartnoma asosida tahsil oladi.

Men rivojlangan davlat o‘rta ta’limi bilan bizning maktablarimizni taqqoslamoqchi emasman, aslo. Ammo  hatto rivojlangan davlatda ham eng zo‘r, ya’ni pullik maktabda o‘qimagan bola oliy ta’limga kirishi qiyinligini aytmoqchiman, xolos. Ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlangan davlatlarning aksariyatida oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish murakkab, emas. Masala - o‘sha dargohda o‘qishni qay tariqa davom ettirishda.  Uyerdagi tizim o‘qimaydigan talabani o‘z-o‘zidan siqib chiqaradi. Shunday muhit shakllangan jamiyatda esa o‘rta ta’limni tugatgan har bir o‘quvchi o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holdagina maqsad qo‘yadi. Eshitganim bor, manaman, degan oliy ta’lim dargohlariga bir yilda minglab talabalar o‘qishga kiradi, ammo hammasi ham o‘qib ketolmaydi.

Aslida asosiy masala jamiyatda ilm-fanning qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liq. Ilm-fan, bu boradagi yangiliklar qo‘llab-quvvatlansa, jamiyat bilan bevosita uyg‘unlikda olib borilsa (ya’ni ilmiy yangiliklarga mablag‘ sarflanib, u jamiyatga foyda keltirsa) ta’limga munosabat ham o‘zgaradi. 

O‘rta ta’limni tugatgan o‘quvchilarning hatto 50 foizining oliy ta’limga qamrab olinishi bu juda katta yutuq, aslida.

Bu fikrlar bugun ta’lim tizimida kamchiliklar yo‘q, degani emas. Undagi son-sanoqsiz korupsion holatlar, o‘qituvchilarga nisbatan adolatsizliklaru, sinflarning yetishmasligidan tortib, o‘qituvchilarning saviyasi – hammasi hanuz og‘riqli muammolarimizdan. Lekin bu minglab fidoyi o‘qituvchilarning mehnati “bir chaqaga qimmat” degani emas. Bu degani tizim “chirigan” degani emas, axir.

Gulruh MO‘MINOVA.