“Abu Dabi taraqqiyot fondi” Samarqandda suv ta’minotini yanada yaxshilash uchun 150 million dollardan ziyod pul beradi
ShHT sammitga tayyorgarlik ko‘rish doirasida shunday amaliyotga qo‘l urilmoqda. Shu maqsadda “SSS” (Abu Dabi) va “SUEZ” (Fransiya) konsorsiumi tomonidan Samarqand shahridagi ichimlik suv ta’minoti va oqova tizimlari holati o‘rganib chiqildi.
- Bugungi kunda Samarqand shahridagi ichimlik suv tarmoqlarining aksariyati o‘zining davriy muddatini o‘tab bo‘lganligi, gidravlik tizimning yetarli darajada ishlamasligi ichimlik suvini mavjud ko‘p qavatli uylarga bir me’yorda yetkazib berish imkonini bermaydi, - deydi viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi direktori Komil Yusupov. – Shu bois ko‘hna kentimizda kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, ya’ni ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha bir qator takliflarni berdik.
Jumladan, “Cho‘pon ota” va “Dahbed” suv inshootlari hamda “Mo‘liyon” suv nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish zarur. Bundan tashqari, 10 ta 2-bosqich va 3-bosqich nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, 250 kilometr uzunlikdagi rekonstruksiya qilish talab etiladigan yuqori bosimli va o‘rta bosimli suv quvurlarini almashtirish va yangilarini qurish kerak bo‘ladi.
Samarqand shahrida suv bosimini bir me’yorda ushlash hamda uzluksiz ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida barcha suv inshootlari, nasos stansiyalari hamda taqsimlash tugunlarini to‘liq zamonaviy-energotejamkor nasos uskunalari hamda jihozlarga almashtirish va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimni tashkil etish lozim.
Shuningdek, shaharda ichimlik suviga bo‘lgan talabning ortib borishini hisobga olib, elektr energiyasi sarflamasdan ichimlik suv olib kelish maqsadida Toyloq tumani Ravotxo‘ja mahallasi hududidan o‘tuvchi “Zarafshon” daryosining chap qirg‘og‘ida suv inshooti qurish hamda mazkur suv inshootidan Samarqand shahrining “Mo‘liyon” suv taqsimlash inshootigacha tarmoq tortish takliflari berilgan.
Hozirda “SUEZ” (Fransiya) kompaniyasi mutaxassislari tomonidan loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati 154,5 million AQSh dollarini tashkil qiladi.
“Abu Dabi taraqqiyot fondi” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyiha natijasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yurtimizda o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida quriladigan bino va inshootlar, mehmonxonalar hamda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarga uzluksiz ichimlik suvi yetkazib berish imkoni yaratiladi.