Aeroport va vokzallarda sayyohlar uchun planshet ijarasi yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston hududidagi aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum maskanlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun maxsus planshetlar ijarasi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

"Planshetlar aeroport va vokzallarning kutish zallarida sayyohlarning murojaatlariga ko‘ra berilmoqda", - deyilgan xabarda.

Ushbu planshetlarga O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlar uchun zarur bo‘lgan barcha mobil ilovalar yuklangan.

2018 yilda O‘zbekistonga kelgan mehmonlar qulayligi uchun aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda maxsus sim-kartalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan edi. 

Rouming xizmati muqobili sifatida ishlab chiqarilgan bu sim-kartani faqat xorijiy fuqaro pasporti bilan xarid qilishi mumkin.

Kelgusida sayyohlarga telefon apparati va mobil router ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.