Aeroportda 20 mingga yaqin AQSh dollarini yashirincha olib ketayotgan fuqaro qo‘lga tushdi

Bojxona organlari tomonidan bojxona qonunbuzilishi holatlariga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga uchib ketayotgan fuqaro U.V. o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Natijada, ushbu shaxsning egnidagi kiyimlari orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va jismoniy shaxslar uchun belgilangan olib chiqish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan jami 19 800 AQSh dollari naqd xorijiy valyutasi borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.