Afg‘oniston markazida portlash yuz berdi

Afg‘onistonning G‘azna shahrida yuz bergan portlash oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ariana News agentligi xabar berdi, deya yozdi «TASS».

Mahalliy shifoxona boshlig‘i ta’kidlaganidek, ro‘y bergan portlash oqibatida asosan harbiylar jabr ko‘rdi. Voqea Afg‘onistonning qurolli kuchlari bazasi yaqinida sodir bo‘lgan. U yerda minalangan avtomobil portlatilgan.

Portlashdan oldin o‘q ovozlari eshitilgani ma’lum bo‘ldi. Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan ekstremistik guruhlar sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.

G‘azna shahri Afg‘onistondagi shu nomdagi viloyatning ma’muriy markazi bo‘lib, u mamlakatning markaziy qismida joylashgan.

Oldinroq - noyabr oyi boshida AQSh Afg‘oniston va Iroqdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish rejalarini oshkor qilgan edi. AQSh Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller 15 yanvarga qadar har ikki mamlakatda 2,5 ming nafargacha harbiylarni qisqartirishini ma’lum qildi. Ushbu kuchlarni qayta guruhlashtirish borasidagi farmoyish prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan.