Afg‘oniston prezidenti G‘ani xalqqa murojaat qildi
Mamlakatdan qochib ketgan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani videomurojaatida BAAda ekanini aytgan va uning Qobuldan pul olib chiqqanligi haqidagi mish-mishlar asossizligini ta’kidlagan.
"Sizga Qobul qulagan kuni nima bo‘lganini keyinroq batafsil aytib beraman... Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘ldim, chunki men Qobulda qon to‘kilishiga sababchi bo‘lishni xohlamadim", dedi G‘ani Facebook sahifasida joylashtirilgan videoxabarda.
Siyosatchining ta’kidlashicha, «Tolibon» vakillari Qobulga kirmaslikka va’da berishgan, lekin prezident saroyini oldindan qurshab olishgan.
"Men Qobuldan pul bilan ketganim haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", deya qo‘shimcha qildi G‘ani va tez orada mamlakatga qaytishini aytdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, unga qarshi fitna tayyorlanayotgani haqida ma’lumot kelgan.
Shuningdek, bugun, 19 avgust kuni Afg‘onistonning Asadobod shahrida tolibonlar mamlakatning mustaqillik bayrami munosabati bilan ko‘chalarga chiqqan olomonga qarata o‘t ochgani haqida xabar berildi. Qurbonlar bor, ularning soni hozircha noma’lum.