Afg‘oniston: «Tolibon» Kalayi-Nauga hujum qildi
Afg‘onistonning bir qator shimoliy hududlarini egallab olgan "Tolibon" radikal harakati jangarilari faol ravishda g‘arbga qarab harakatlanmoqda.
7 iyul kuni ertalabdan ular Bagdis provinsiyasining ma’muriy markazi – Kalayi-Nau shahrini o‘z nazoratiga olishga harakat qilishdi.
Internetda tarqalgan, haqiqiyligi tasdiqlanmagan videolavhada tolibonlar shaharga mototsiklda kirib kelayotgani aks etgan. Bir nechta manbalar ular mahalliy qamoqxonaga bostirib kirib, mahbuslarni ozod qilganliklari haqida xabar berishdi.
Rasmiylarning aytishicha, Kalayi-Nauga bir necha tomondan hujum qilingan. Ko‘cha janglari ketyapti.
AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi 20 yillik operatsiya tugaganini e’lon qilgandan so‘ng «Tolibon» har tomondan hujum boshladi. Bir necha kun oldin Amerika kuchlari eng katta bazasi – Bagram aerodromini tark etishdi. Bugungi kunga kelib, Qo‘shma Shtatlar 90 foizdan ortiq harbiy kontingentni mamlakatdan olib chiqqan.
«Tolibon» va Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari natija bermadi.