Afg‘onistonda taniqli telejurnalist va ayollar huquqlari himoyachisi Malala Mayvand o‘ldirildi

U Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida yashagan va ishlagan. Payshanba kuni ertalab Malala ishga ketayotganda, uning mashinasi noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgan. Avtomobil haydovchisi ham halok bo‘lgan.

Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni bo‘yniga olmagan. Ammo bu mintaqada Tolibon harakati, Islomiy davlatlar guruhi jangarilari juda faol.

«Chegara bilmas reportyorlar» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston matbuot xodimlari uchun dunyodagi eng xavfli mamlakatlardan biri hisoblanadi. O‘tgan oy bu yerda ikki afg‘on jurnalisti bomba portlashidan halok bo‘lgan edi.

Malala Mayvand ham 15 davlatda yil boshidan buyon 42 nafar OAV xodimlarining o‘ldirilishi haqida Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi hisoboti chop etilgan kuni otib tashlandi.