Afg‘onistondagi IShID Pentagon kuzatuvida

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat qurolli kuchlariga Afg‘onistondagi IShID bilan bog‘liq har qanday nishonga zarba berishga ruxsat berdi. Bu haqda Amerika matbuoti xabar bermoqda. Pentagon IShIDning yuqori martabali vakillari ilgari o‘ldirilganini tasdiqladi.

"Kecha AQSh kuchlari IShIDni rejalashtiruvchi va tashkilotchisiga qarshi ufqorti aksilterror operatsiyasini o‘tkazdi. Havo hujumi Nangarxor viloyatida bo‘ldi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, IShIDning ikki a’zosi o‘ldirilgan, biri yaralanganini tasdiqlayman", dedi general-mayor Uilyam Teylor.

O‘z navbatida, Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, AQSh Afg‘onistondagi vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va oy oxirigacha evakuatsiya operatsiyasini yakunlash niyatida. "Tahdid hali ham mavjud, vaziyat dinamik bo‘lib qolmoqda, biz uni real vaqt rejimida kuzatmoqdamiz. Biz bu tahdidga e’tibor qaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz va armiyamizni himoya qilish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz", dedi u.

AQSh prezidenti Jo Bayden kecha, 28 avgust kuni amerikalik harbiylar yaqin 24-36 soat ichida Qobul aeroportida yangi terakt sodir etilishi ehtimoli borligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, AQSh Qobuldagi xavfli vaziyatga qaramay, vatandoshlarini, uchinchi mamlakat fuqarolarini va afg‘on qochqinlarini mamlakatdan evakuatsiya qilish operatsiyasini davom ettirmoqda.