“Afsona”ning afsonaviy ertaklar olami yana bolajonlar bilan gavjum

Kattaqo‘rg‘on shahrida bunyod etilgan "Afsona" davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotiga kirishingiz bilan ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Bolalarga yaratilgan sharoit, ta’lim-tarbiyaning zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib borilayotganidan ota-onalar mamnun.

- 2018 yilda bankdan 2 milliard 250 million imtiyozli kredit olib, mazkur bog‘cha qurilishini boshladim, - deydi “Mohlaroyim nur” MChJ rahbari Zulfiya Polvonova. – O‘tgan yili 150 o‘ringa mo‘ljanlangan bog‘chamiz bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. Tarbiyalanuvchilarning bog‘chaga bo‘lgan mehrini oshirish, ularni har tomonlama barkamol voyaga yetishlari uchun muassasamizning har bir burchagi ertaknamo qilib bezatilgan. Yozgi sog‘lomlashtirish uchun suzish havzalari, o‘yin maydonlari, sport, rus tili va ingliz tili to‘garaklariga malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahri “yashil” hudud toifasiga kiritilganligi uchun bugun bog‘cha yana o‘z faoliyatini boshladi. Tarbiyalanuvchilar uchun zaruriy sharoitlar yaratilib, mashg‘ulotlar yozgi maydonchada davom ettirilyapti.

- Bog‘chamizda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda hozir 80 nafar bolajon tarbiyalanmoqda, - deydi Z.Polvonova. – Bolalar va tarbiyachilarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Muassasaga kirish joyida dezinfeksion tunnel o‘rnatilgan. Har bir xodimning va bolalarning tana harorati o‘lchanadi. Mashg‘ulotlar xonasi kuniga uch marta xlorli eritma bilan tozalanadi. Shuningdek, tarbiyachilarimiz bolalarning qo‘llarini toza va ozoda tutishlarini doimiy nazorat qilib turadi.

 

Maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar har qanday ota-onaning ko‘nglidagidek. Asosiysi, bu dargohga jajjilar har tong sog‘inib kelishadi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.