"Agrobank" Paxtachida bir yildan buyon kredit ololmayotgan tadbirkor muammosiga munosabat bildirdi: "Elektron navbat asosida kredit ajratildi"

5 aprel kuni saytimizda “Bank, hokimiyat, yordamchi. Bu “uchburchak”dan kredit izlayotgan tadbirkor” sarlavhali murojaat e’lon qilingan edi.
Unda ko‘tarilgan masala yuzasidan tahririyatimizga “Agrobank”ning Paxtachi filiali boshqaruvchisi M.Boboyev imzosi bilan javob xati keldi. Unda jumladan, shunday deyiladi:
“Fuqaro A.Botirovning turmush o‘rtog‘i M.O‘roqova 2021 yil 29 martda yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tib, filialimizda hisob-raqam ochgan. Ushbu davr mobaynida tadbirkor bankka kredit olish to‘g‘risida murojaat qilmagan.
M.O‘roqova 2022 yil 16 martda “Oilakredit.uz” elektron platformasi orqali asbob-uskuna sotib olish maqsadida imtiyozli kredit rasmiylashtirish uchun talabnoma yuborgan. 2022 yil 18 martda hokim yordamchisi tomonidan kredit berilishi to‘g‘risida tavsiyanoma berilgan va shu kunning o‘zida bank hamda fuqaro tomonidan ikki tomonlama kredit shartnomasi elektron kalit orqali imzolanib, kredit qaytmasligi xatari oldi olinishini sug‘urtalash maqsadida sug‘urta kompaniyasiga elektron tarzda kredit shartnomasi jo‘natilgan. 30 martda sug‘urta kompaniyasi tomonidan javob xati kelgandan so‘ng elektron navbat asosida 5 aprelda 28 890 000 (yigirma sakkiz million sakkiz yuz to‘qson ming) so‘m kredit mablag‘i fuqaro tomonidan shartnoma tuzgan ta’minotchiga ko‘chirib berilgan”.