“Agrokimyohimoya” HAJdan ishchilarga to‘lanmagan 29 million so‘mlik ish haqi undirib berildi

Mehnat kodeksining 154-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, ushbu kodeksining 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart.

Kodeksning 161-moddasi 1-qismida mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Joylardagi o‘rganishlar ayrim hollarda ushbu qonun normalariga amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, Oqdaryo tumani adliya bo‘limi tomonidan “Agrokimyohimoya” HAJ tuman unitar korxonasida Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 19 mart kungi “Ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori talablariga rioya etilishining ahvoli monitoring asosida o‘rganildi.

O‘rganishda to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, “Agrokimyohimoya” HAJ Oqdaryo tumani unitar korxonasi 2020 yil 25 may holatiga berilgan ma’lumotga ko‘ra, korxonaning 10 nafar ishchi-xodimlariga jami 29 million so‘mga yaqin ish haqidan qarzdorligi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 19 mart kungi “Ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar korxonalar va tashkilotlar rahbarlari xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi uchun shaxsan javob berishlari belgilangan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan 10 nafar xodimlarning ish haqlarini undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Sudning buyrug‘iga ko‘ra, tuman adliya bo‘limining arizalari qanoatlantirilib, 10 nafar xodimning 29 million so‘mga yaqin ish haqlari undirib berildi.

Marufjon RO‘ZIYeV,

Oqdaryo tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.