Ahmadjon Meliboyevdan boshqalarga o‘qish tavsiya etilmagan maqola
“HURRIYaT” MUAMMOSI – MILLIY JURNALISTIKAMIZ MUAMMOSI
“Hurriyat” muxlislari qayerdasiz?” murojaatnomasini o‘qib
(Ahmadjon Meliboyevdan boshqalar o‘qimasin)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida murojaat-maqolangizni o‘qidim. Hammamiz uchun arzanda va qadrli “Hurriyat” gazetasining bugungi og‘ir va ayanchli ahvolidan kuyunib yozibsiz.
Yuz karra haqsiz, Ahmadjon aka. “Hurriyat”dek gazetamizga obuna yo‘qligi va shu tufayli u iqtisodiy kasofatga yo‘liqqani naqadar ulkan va chuqur muammo axir. 1997 yildan chiqa boshlagan “Hurriyat”ning butun milliy matbuotimiz maydonida o‘rni bo‘lak, ruhi bo‘lak. Nafasi o‘zgacha, so‘zi o‘zgacha. Ochiq matbuot maydonimizda muayyan kayfiyat yaratuvchi, so‘z aytish madaniyatini shakllantiruvchi, yangidan-yangi mualliflarni kashf etuvchi, shuningdek turli tabaqadagi, saviyadagi turfa did-farosatli vatandoshlarimizni MATBUOT SO‘ZIni o‘qish, uqish, idrok etish, mulohaza qilish, tanqidlarga bardosh berishni o‘rgatishni o‘z oldiga maqsad-maslak qilib olgan gazeta “Hurriyat”, asl-nasabidan kelib chiqsak.
Ahmadjon aka! Siz bilan biz ongli hayotimizni to‘lasicha matbuotga bag‘ishladik. Qattiq va yumshoq nonimizning burdasi, ushog‘igacha shu soha orqali topdik. Bundan taqdir oldida ta’zimdamiz. Juda ko‘p ishlar qildik deya faxrlanamiz, falon-falon mansablarda o‘tirdik, piston-piston kitoblarni chop ettirdik, yana allakimlarning nazariga tushdik deb faxrlanishdan toymaymiz ham. Lekin bir gapni aytishga ruxsat bersangiz: BIZ MATBUOT DEYa ATALMISh MO‘’JIZANING tub ahamiyatini, uning jamiyatdagi o‘rnini, vazifasi-missiyasini anglab yetdikmi? Ana shuni ODAMLARIMIZ ongi-shuuriga quya oldikmi? Masalani ko‘ndalang qo‘ysak va oddiygina qilib aytsak, bugungi O‘ZBEK matbuotni, uning hikmatiyu stixiyasini tushunadimi? Gapni aylantirmay, suhbatdoshingizni tog‘u toshlarga aylantirib kelmay ushbu savolga aytar aniq va lo‘nda javobingiz bormi?Javobingiz borligiga aminman, illo o‘shalarni ayta olasizmi?
1926 yilda Abdulla Qodiriy bitta hajviy maqolasining mukofotiga... uch oy yolg‘iz hibsxonaga tashlandi. Sho‘rlik adib nimani istagandi? Aholi o‘rtasida savodsizlikni tugatish, maorifni yuksaltirish, kattazang rahbarlar orasida nayrangbozlikka chek qo‘yish va hokazolar edi xolos, niyati. Shundayiga yozaversak, yozaversak jamiyat tozalanadi, farovonlik, ma’murlikka erishiladi deb o‘ylagandi. To‘g‘ri, tili achchiq edi Adibning, o‘sha sharoitda bundan boshqa iloji ham yo‘q edi. Matbuot jamiyatning shifokori, tabibi, xaloskori deb tushungan edi Qodiriy. Shu tushuncha uning maqsad-maslagiga, e’tiqodiga aylanib ketgandi. Mukofotiga esa... qamaldi.Qamoqda nima qildi? Matbuotning jamiyatdagi o‘rni qandayligini, matbuotda tanqidning vazifasi nimalardan iboratligini, satira-yumordan ko‘zlangan tub maqsad vatan, el-yurt farovonligi, ro‘shnolik ekanini tushuntirishga qaratilgan o‘y-mulohazalarini qog‘ozga tushirdi. Ya’ni, matbuot so‘zining qadrini ko‘rsatib berdi.
Ming afsuski, xali-hamon sho‘rlik Qodiriy orzu qilganichalik erishganimiz yo‘q matbuotni tushunish borasida. “Matbuot” degan, “jurnalistika” degan so‘zlarni osmoni falakka olib chiqdigu, bir mavzu ochilsa globallashuvdan olib globallashuvga solamizu,uning mohiyatini tushunmadik, tushungimiz kelmadi, tushunsak tushunmaslikka oldik, oqibatda... Vaholanki, kim nima desa desin, illo-billo har qanday jamiyat matbuotga munosabati darajasida rivojlanadi, taraqqiy topadi, sog‘lomlashadi yoxud inqirozga, tanazzulga yuz tutadi. Har qancha istamaylik, har qancha dovrug‘ qozonmaylik, najot – matbuotda!
Bu yorug‘ dunyoda paydo bo‘lgan “Hurriyat”ning bosh mavzusi mana shu edi. Takrorlay: juda keng ma’nodagi odamlarimizni matbuot so‘zi mohiyatini anglash borasidagi savodsizligini, uquvsizligini, didsizligini tarbiyalash edi vazifasi “Hurriyat”ning! Jamiyatimizning jonfidosiga aylanmoqchi edi “Hurriyat”!
Bugun esa shu jonfidoga obuna yo‘q... Sabab?..
Islohotlar sharofati va... asorati
Ahmadjon aka! Biz Siz bilan jurnalistlikni havas qilgan kezlarimiz sohamizning obro‘si naqadar osmonda bo‘lganini eslaysiz-a? Og‘zimizni to‘ldirib aytardik “Jurnalistman!” degan so‘zni. Odamlar ochiqdan-ochiq havas qilishardi. Hajmli maqolalar u yoqda tursin, jajji xabarcha ham og‘izga tushardi. Chunki odamlar o‘qishardi, chunki o‘sha xabarcha qandaydir vazifani ado etardi. Matbuot bilan keng omma o‘rtasida ALOQA bor edi. O‘sha aloqani mehr-oqibat deb atash mumkin edi. Har qalay, salomga alikolinardi. Birorta yozma murojaat javobsiz qolishi og‘ir gunoh hisobiga o‘tardi (mustabid mafkura talablarini ro‘kach qilib og‘zimga urmaysiz degan umiddaman).
Mustaqillik arafasida to‘rt-besh yil – sho‘ro va istiqlol orasidagi o‘tish davrida matbuotimiz eng gullagan pallani boshdan kechirgani haqida esa jild-jild kitoblar, tadqiqotlar yozish mumkin.
Aytmoqchimanki, hamonki ommaviy axborot vositalari keng ommaning ma’naviy hamda bevosita moddiy mulki hisoblanar ekan, matbuot (gazeta, jurnal, radio, TV) o‘sha ommaning ehtiyojini, mehrini, ishonchini, qiziqishini qozonishni o‘zining oliy burchi deb bilar edi. OAV odamlarning og‘irini yengillashtirishga, muammolarini bartaraf etilishiga ko‘makchi edi. Shunday e’tiborga sazovor nashr qo‘lma-qo‘l talash bo‘lib o‘qilardi. 500 000 ming nusxada chiqadigan (Xudoyberdi To‘xtaboyev bosh muharrirligida) “Yosh kuch” jurnalidan tahririyat xodimlari uchun bir dona topolmagan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Olis viloyatlardan maxsus poytaxtga kelib: “Hurriyat”ning falon sonidan bir nusxa topib beringlar” deya murojaat qilishlardan boshimiz osmonga yetardi. “Bomba” maqolalar va shunday zalvorli maqolalar yozishga qodir zabardast mualliflarimiz haftalab navbat kutishardi.Xo‘sh, keyin-chi? Ahvol nima kechdi? Qayoqlarga boy berdik ularning barini?
Jamiyatning barcha sohalarida bo‘lganidek jurnalistika ham islohot jarayonlarini boshdan o‘tkazdi. Qonunlar, qarorlar, hujjatlar qabul qilindi, ularning barchasi jahon andozalari darajasida ekanligidan bearmon faxrlandik. Taqdirlanishlar, ulug‘lashlar, ofarinvozliklar tingani yo‘q. Va endi o‘ylab ko‘rilsa, bunda-a-ay ko‘z ochib qaralsa, matbuotni boy berib qo‘yibmiz, Ahmadjon aka! Inqilobni rad etib, evolyusiya yo‘lini tanlaganimizdan mamnun edik, buni qarangki, evolyusiya shiori ostida ham durustgina ishlab turgan, to‘kin-sochin hosil berayotgan butun boshli tizimni kunpayakun qilib tashlash mumkin ekan!
Aziz Nesinning mashhur hikoyasi yodingizdami? Ketma-ket operatsiya stoliga yotqizilaverib, jarrohlik tig‘i tegmagan joyi qolmagan bemor o‘lar holatga kelganida hamma balo qayishini tarangroq bog‘lashida ekanligi ayon bo‘ladi-qo‘yadi. Ana, xolos!..
Matbuotimizni o‘sha badbaxt “xasta”ning kuniga sole-ye-b, badaniga tig‘ tortaveribmiz-tortaveribmiz, ustiga-ustak, olqishlar yog‘diraveribmiz va...! Erishgan “yutuq”larimizning ayrimlarini sarhisob qilaylik:
jahon jurnalistikasining asos (va o‘zgarmas!) qadriyatlarini o‘zimizga xos, o‘zimizga mos ko‘rinishga olib keldik;
qanday bo‘lmasin, omma bilan aloqani uzish yo‘llarini izladik (“Tahririyat xatlarga va murojaatlarga javob bermaydi, maqolalar qaytarilmaydi” degan gaplarni hamon uchratamiz gazeta va jurnallarimizda. Hoy yaxshilar, salom – sunnat, alik olish esa – farz degan ilohiy aqidalarimiz bor. Nima uchun javob bermaysan? Nega endi muallifdan, murojaat etuvchidan qochasan, baraka topgur, deydigan banda yo‘q!);
matbuotdagi chiqishlarga mas’ul idora va shaxslar tomonidan javob yozilmasligi ham mumkin degan aqidani shakllantirdik (matbuot so‘zini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oyoqosti qilish bu!);
tahliliy maqolalardan voz kechdik;
tahliliy-tanqidiy maqola yozishga ixtisoslashgan zabardast mualliflarimizni tahririyatlardan uzoqlashtirdik;
fuqarolarning og‘irini yengillashtirishdek g‘oyatda og‘ir va mas’uliyatli burchni matbuot zimmasidan forig‘ qildik;
janrlar sehri va salmog‘idan foydalanish layoqati izdan chiqdi;
professional milliy jurnalistika saviyasi havaskorlik darajasiga tushirildi;
zamonaviy jurnalistikaning umurtqasi bo‘lmish jurnalist tekshiruvi janri (rukni) sahifalarimizdan, ekranlarimizdan, radioto‘lqinlarimizdan quvib chiqarildi;
umrida ikkita maqola yozmagan, ijod ko‘chasiga yo‘lamagan “muallif”lar sahnaning to‘rini egalladi;
bosh muharrir tushunchasidan, tafakkuridan boshqacharoq, o‘zgacharoq, chuqurroq, zalvorliroq yozishga qodir mualliflar qadrsizlandi.
Oqibatda 300ta OAVning sonini 1500 taga olib chiqdigu (haqiqatda katta voqea!), ya’ni sonni ko‘paytirdigu sifatni boy berdik. OAV soni ko‘paygani sari YaXShI va DURUST yoza oluvchi MUALLIF ozaya bordi. Bugun ular anqoning urug‘iga aylandi.
Ana sizga islohot, ana sizga jahon andozasi! Ana sizga o‘ziga xoslik va o‘ziga moslik!
Omma bilag‘on, xalq hushyor
Ahmadjon aka! Vatanimiz mustaqilligining dastlabki chorak asri jarayonlaridagi bir holatni saboq sifatida eslaylik.
– Odamlarimiz demokratiyaga tayyor emas;
– jurnalistlarimiz ichki senzuradan xalos bo‘lolmayotir;
– qalam ahli zamon qahramonlari obrazini yaratishda no‘noqlik qilmoqda, zamon talablarini anglab yetmayotir;
– jurnalistlar ixtisoslasha olmayotir;
– malakali kadrlar qahat degan malomatlar ostida o‘tdi qariyb 30 yil. Boshqalarni qo‘ya turing, o‘zimiz o‘zimizning boshimizdan to‘kdik shunday malomatlarni. Hammasi ham mayli, jurnalist qanday faoliyat yuritmog‘i kerak, jurnalistika qanday bo‘lmog‘i kerak, gazetaning “shapka”si qanday yoziladi, maketi qanday bo‘ladi degan savollarga javobni ham allaqayerlardan allakim aytishini kutib yashadik. O‘z vazifamizni yuqoridan aytilmaguniga qadar o‘zimiz bilmaganimiz, to‘g‘rirog‘i, o‘zimizni bilmaganlikka olganlarimiz. Shu orqali o‘zimizni nodon, go‘l va noshud ko‘rsatganimiz nasha qiladi odamga, Ahmadjon aka!
...Bolalikda, bahor kezlari qarqunoq polaponini tutib olardik, go‘sht va chigirtka bilan boqardik. “Qih” desak, polaponning“Qi-ih-qi-ih”lab uchib kelib qo‘limizga qo‘nishi rosa zavqli edi. Biroq bunday zavq nari borsa bir haftadan uzoqlashmas, qarqunoq salgina esini tanib olgach (qanoti qotgach) go‘shtingga ham, chigirtkangga ham, “qih”ingga ham degancha uchardi-ketardi. Og‘ir botmasinu, aka, Siz bilan biz yarim asr yurdik, “qih-qih”lab!.. Qanotimiz sirayam qotmadi-ya, aka. Butun bir O‘ZBEK degan millatning ziyoli kishilari-ya?! Jamiyatning oldi bo‘lmish jurnalistlari-ya?! Xalq, omma ishonib qo‘ygan, umid bog‘lagan soha vakillari-ya?!
Axir Siz bilan biz shu sohaning vakillarimiz, maxsus oliy tahsil olganmiz, muayyan tajriba orttirganmiz, qalamni charxlaganmiz-da, yana yo‘l-yo‘riq kutamiz. O‘zimiz qatori hamkasbimiz darajasida yozilgan maslahatlarni bandma-band sanab tasbeh qilib o‘giramiz. “Siz – aqlli, biz – ahmoq!” o‘yinini o‘ynab charchamaymiz. G‘urur, nafsoniyat, uyat degan bebaho tuyg‘ular o‘zlarimizdan-da sabrliroq, toqatliroq ekan-ye, aka!
Nima demoqchiman? Aytmoqchimanki, eng achchig‘i, demokratiyaga “tayyor bo‘lmagan”, siyosiy ongi “haminqadar” bo‘lgan ke-yeng OMMA hamma-hammasini ko‘rib-bilib, tushunib-anglab, sanog‘ini joy-joyiga qo‘yib yurgan ekan, payt poylab. Baloni bilar ekan nasibasi butun bo‘lgur bu XALQ! Xalqni aldab yurishning oqibati yomon ekan. Uzum o‘rashdan boshqasiga yaramaydigan ofarinboz yaltir-yultir gazit-jurnalingga (jumladan, “Hurriyat”ga) pul to‘lab obuna bo‘ladigan, ularga ko‘z nurini sarflaydigan anoyi yo‘q deydigan paytni poylab turgan ekan! Yil sanayotgan ekan! Qarabsizki, ishonch-ixlosni boy berib ulgurgan ekanmiz, Meliboyev! Soch-soqol oqarganda misimiz chiqmoqda, Meliboyev! Akam, safdoshim, kasbdoshim, maslakdoshim... hasratdoshim Meliboyev! (Meli – xol ma’nosini anglatishi yozilgan lug‘atda. – X.D.)
Siz o‘ylagandek, bordiyu bugun “Hurriyat”ning obunasini yo‘lga qo‘ya olsak olam guliston bo‘ladimi? Muammoga yechim topiladimi? Ming afsuski, unday emas. “Yakkadan – umumga sari” va “Umumdan – yakkaga” degan tushunchalar bor falsafada. Ushbu tushunchalar formulasi doirasida mulohaza yuritishga urinsak, muammoning ildizi anchagina chuqur, bu ildiz faqat “Hurriyat”ga emas, butun MILLIY JURNALISTIKAMIZning o‘q tomiriga borib taqaladi. Hamon muammodan so‘z ochdingizmi, keling, o‘zimizni odobli, serandisha qilib ko‘rsatishni bir muddat bas qilaylik,allaqachon gazak olgan, asorati chuqur xastalikni davolashda asqotadigan so‘zimizni ro‘y-rost o‘rtaga tashlaylik, o‘rtoqlashaylik.
Davlat rahbari, muammo va matbuot
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzasida mamlakatimiz PrezidentiSh.Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga taalluqli quyidagi mulohazalarini bayon etdi: “Men ommaviy axborot vositalari faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar juda kam. Vaholanki, islohotlar jarayonida OAV xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanishi lozim. Buning uchun ulardan shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi”.
Davlatimiz Rahbarining mazkur so‘zlari, qo‘yayotgan talablari ayni jurnalistika va matbuot mohiyatidan, uning zimmasidagi ulug‘ va boqiy missiyadan kelib chiqib aytilgan SO‘Zlardir. Jurnalistlarimizning burchi, kasbiy vijdoni, diyonatini namoyon etuvchi TALABLARdir. Va haqli savollar tug‘iladi: o‘zini jurnalist sanab yurgan qalam ahli bilmaydimi ushbu talablarni?Qo‘r to‘kib yurgan BOSh muharrirlar bilishmaydimi shu haqiqatlarni? Bilmasa, nima qilib jurnalistlik nonini tuya qilib yurishibdi ular? Bilsa, nima uchun shu talablarga amal qilmay o‘tiribdi kursini egallab?
Masala ayon emasmi? Bilmasa, aqli-layoqati, jur’ati yetmayotgan bo‘lsa, marhamat, boshqa kasb boshini tutsin. Bila turib amal qilmasa, javobini bersin! Kasbiga, xalqqa, Vatanga, jamiyatga nisbatan qilayotgan befarqligining (xiyonatining!) javobini bersin!
Prezident qo‘yayotgan talablarni qayta-qayta o‘qigisi keladi va peshma-pesh tug‘ilayotgan savollarga javob topgisi keladi odamning: nima uchun jamiyatning barcha sohalarida, burchak-burchaklarida to‘lib-toshib yotgan muammolar yechimini izlashni birgina Bosh Rahbar zimmasiga tashlab qo‘ymog‘imiz kerak?! “Chinakam himoyachi” bo‘lmish jurnalist qayerda? Matbuotning ko‘zi qayerda? 33 million aholi muammolarini Bir Inson zimmasiga yuklab tomoshabin bo‘lib o‘tirish qaysi vijdon, diyonatga to‘g‘ri keladi, Ahmadjon aka?! O‘sha mustabid sho‘rolar zamonida kasb mahoratini, ilmini bilgan, egallagan o‘zbek jurnalistikasi vatan mustaqilligi yillarida, nima, savodsizga aylandimi? Qalami o‘tmaslashdimi?!
Ikki yildan buyon mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ichida nafas olib yashayotgan matbuot, jurnalist nega o‘zgarmasligi kerak? Hayron qolasan kishi! Shavkat Miromonovichning har bir ma’ruzasi, hatto ikki og‘iz suhbati ozmuncha mavzularni qalashtirib tashlamoqdami jurnalistlar oldiga?! Islohotlar samarasiz qolmasin, ilohim, lekin ular o‘z-o‘zidan amalga oshib qoladi desak yanglishamiz. Joylarda muammolar qalashib yotibdi. Prezident aytmoqchi, professional mahorat bilan yozilishi, matbuot sahifalariga olib chiqilishini kutib turgan mavzular ozmuncha emas!
Tibbiy muassasalardagi shart-sharoitning ayanchli ekanligi;
Meditsina sohasidagi kadrlar malakasining pastligi;
Bolalar bog‘chasi, maktab, oliy ta’lim tizimlaridagi no‘noqliklar;
2018 yilda bolalar bog‘chalari tizimida 11 milliard so‘m davlat mablag‘i qonunsiz o‘zlashtirilgani (ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra);
Maktab darsliklarini tayyorlash borasidagi pala-partishliklar;
Qishloq joylaridagi buz-buzlardan keyingi tomoshalar;
Transport vositalari bilan bog‘liq yuz berayotgan fojialar;
Kollej direktori o‘z o‘quvchilarini qatorlashtirib tarsaki urushlari;
Fermer yigitlarni tizzagacha suvga botirib qo‘yib jazolashlar;
Elliktalab navrasta yigitlarimizning tiriklayin yonib ketishlari;
O‘zi dunyoga keltirgan norasidasini bir necha million so‘mga sotib yuborishlar;
Yil mobaynida 2000dan ortiq mansabdorning ozodlikdan mahrum etilishi...
Yaqin o‘tmishda bunday sanoqni keltirgan odam tuhmatchiga, yumshoq qilib aytilsa, ehtirosga beriluvchanlikda ayblanar, ehtiros jinoyatchi tuyg‘u o‘rnida baholanardi. Xayriyat, endi unday emas. Yotig‘i bilan, tahliliy o‘rganilsa, matbuot sahifalarida keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilsa, yechimlari izlansa marhamat, deydigan kunlarga keldik axir. Afsuski, matbuot jim, jurnalist og‘ziga tolqon solgan, ichay desa... Orolning bir qultum suvi qahat!..
Nashrning saviyasi muassis saviyasining ko‘zgusi
Yer yuzida ideal jamiyat yo‘q, basharti bo‘lgan taqdirda ham sog‘lom matbuot, xolis jurnalist bor joyda, professional mahoratli, shijoatli jurnalist bor joyda BOShQAChAROQ fikr topiladi. Fikr xilma-xilligi jamiyat ob-havosini tozalab, yangilab, musaffolashtirib turadi. Matbuotning yana bir buyuk va bemisl missiyasi shu, ya’ni jamiyat havosini yangilash, tozalash. Burilish pallasida yashayotgan, qadriyatlarini yangilayotgan jamiyatda ana shu boshqacharoq fikrga, fikr xilma-xilligiga bo‘lgan ehtiyoj, talab har qachongidan ortadi. Bu holat OAVda, matbuotda aks etadi. Biz esa Prezidentning haqli tanqidiga uchrab o‘tiribmiz.
Shu o‘rinda bir gap chiqib qoldi. Biz bosh muharrirlarga, jurnalistlarga, tahririyatning ijodiy xodimlariga malomat yog‘diramiz. Biroq MUASSISLAR-chi? Prezidentning ta’nalari muassislarga ham bevosita daxldor emasmi?! Nima sababdan muassislar xotirjam? Nima sababdan muassislar o‘zlariga qarashli gazeta va jurnallarning tishsiz-ta’sirsiz chiqishlariga toqat qilib o‘tirishibdi? Muassislar nima uchun o‘zlarini mas’uliyatdan olib qochishmoqda?
Yana hayron qolasan kishi! Har bir muassisning didi, saviyasi, siyosiy hushyorligi, fuqarolik pozitsiyasi o‘ziga qarashli nashr faoliyatidan nechog‘li qoniqish hosil qilayotganida yaqqol ayon bo‘ladi. Nashrning saviyasi nafaqat rahbar-bosh muharrirning, unga qo‘shib muassisining ham saviyasidan dalolatdir! Shunday emasmi, Ahmadjon aka?
Nazarimda, muassislarning bosh maslagi “Och qornim–tinch qulog‘im” shiori panohida pusib o‘tiribdi. Bu qusur-nuqson hali biron marta muhokama mavzusiga aylangani yo‘q amaliyotimizda.
Chinakam bosh muharrir nechta?
Ahmadjon aka! “Keyingi olti-yetti oy ichida gazeta o‘zining jur’atli yo‘lini yanada mustahkamladi, ichki va tashqi qiyofasini o‘zgartirdi. Mavzularning qamrovi kengaydi” deb yozasiz “Hurriyat” xususida. Fikringizga to‘la qo‘shilaman. Bosh muharrirning roli haqida so‘z ochyapsizu Qulman Ochilning nomini tilga olmayapsiz.
Qulman Ochil tug‘ma gazetchi. Bunday maqomdagi jurnalistlarimiz juda-juda sanoqli mamlakatimizda. Qulman “Oila va jamiyat” gazetasini sayratib chiqargan paytlarni eslarsiz? Talash edi gazeta – mavzulari, ruhi, kayfiyati, ta’sirchanligi bilan. Kattayu kichik o‘qirdi u gazetani. Qulman bir muddat “Turkiston”da javlon urdi. So‘ng-chi? Eng ilg‘or bosh muharrir ko‘zdan yo‘qoldi-qo‘ydi (bu hol futbolimizdagi g‘alatiliklarni eslatadi. Inileyev ismli murabbiy Osiyoning eng yaxshi murabbiysi yorlig‘ini olgan yili futboldan chetlashtirilgandi. “Nasaf” o‘zbek futboli tarixida birinchi marta Osiyo g‘olibi bo‘lgan yili uning bosh murabbiysiga javob berildi). Oradan o‘tgan 25 yil mobaynida qayerda edi Qulman Ochil ismli MUHARRIR? “Tushovlab qo‘yilgandi” degan iborani qo‘llasam Qulman do‘stim ranjimas mendan, chunki gap alohida bir kishi haqida emas – yaramas tendensiya xususida bormoqda.
Takror aytay: bosh muharrirlik layoqati yuksak kadr ko‘chada sochilib yotmaydi axir. Nima uchun uni o‘z holiga qo‘ymaymiz. Uning salohiyatidan xalq va vatan manfaati yo‘lida foydalanmaymiz?! Tasavvur qiling, “Oila va jamiyat”ni qoyilmaqom qilib yo‘lga qo‘ygan muharrir emin-erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratilganida edi Qulman Ochil butkul boshqa shaxs, boshqa figura bo‘lur edi. Ehtimol, “Hurriyat”ga bu yil uchun 500 000 mushtariy obuna bo‘lardi!
Ha, Ahmadjon aka, mubolag‘a emas bu gaplar...
Bunda-ay qarasak, bir yarim asrlik zamonaviy jurnalistikamiz maydonida muharrirlikni qotirib, o‘zidan maktab qoldirgan jurnalistlarimiz ko‘pchilik emas. Ibrohim Rahim va Asqad Muxtor davridagi “Guliston”, Sa’dulla Karomatov bilan Sharof Ubaydullayev davridagi “Toshkent oqshomi”, Odil Yoqubov davridagi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”,Ahmadjon Muxtorov, Abbosxon Usmonov davridagi “Xalq so‘zi”, Ahmad Ismoilov davridagi “Toshkent haqiqati”, Jabbor Razzoq davridagi “Turkiston”, Xudoyberdi To‘xtaboyev davridagi “Yosh kuch”... Ehtimol, ayni damda yodimga tushmayotgandir boshqa ism-familiyalar, bundan qat’iy nazar, bosh muharrir sifatida nom qoldirgan kamyob insonlarimiz tajribalari milliy matbuotimizning oltin bisotlari hisoblanadilar. O‘sha tajribalarni unutganimiz, qadriga yetmaganimiz kasriga qolib o‘tiribmiz bugun, Ahmadjon aka! Hozirda mavjud 1500 ta OAVda nechta malakali bosh muharrir, nechta mahoratli jurnalist borligi esa yolg‘iz xudoga ayon. Ana shular hozirgina sanab o‘tilgan ShAXSlarni, ulardan qolgan namuna-ibrat maktablarini bilishadimi, qadrlashadimi, ulardan o‘rganishadimi – bilmadim, bilmadim...
Namuna, ibrat bo‘lishga arzirli BIRORTA na davlat, na-da nodavlat nashrining yo‘qligi bugungi o‘zbek jurnalistikasining qiyofasini ochiq-oydin namoyish etayotgan ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolgani ayanchli, nihoyatda ayanchli...
Xalqaro shamollar, to‘fonlar va biz
Yuqoridagi barcha mulohazalarni bir og‘iz so‘zda chippakka chiqarishingiz mumkin, Ahmadjon aka. Ya’ni, men haddan tashqari bo‘rttirib ko‘rsatgan tashvishli holatlarning aksariyati jahon jurnalistikasi amaliyotida ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston o‘sha larzalarni chetlab o‘tishi ilojsiz. Filologiya masalalari bo‘yicha falsafa doktori Beruniy Alimov yetakchi xorijiy davlatlar tajribalarini atroflicha yozdi.
To‘g‘ri, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining haqli a’zosi. Ko‘plab sohalarda, xususan axborot dunyosida begona emasmiz. Ammo-biroq, respublikamizdagi real shart-sharoitlardan kelib chiqadigan bo‘lsak MATBUOTNI ASRAB QOLISh choralari butunlay yo‘qolib bitganicha yo‘q.
Avvalo, bosma nashrlardan foydalanuvchi yoshdagi fuqarolar qatlami katta. Elektron manbalardan foydalanuvchilar ko‘paya borayotganini istisno qilmagan holatda ham gazeta yo jurnalni qo‘lida tutib, “o‘z ko‘zi” bilan o‘qishga bo‘lgan moyillik kuchli. Muhimi, matbuot aralashmaguniga qadar bitmaydigan kundalik-maishiy muammolar, nizolar, murojaatlar istagancha topiladi. Inson hayot ekan hech qanday sharoitda, muhitda muammodan holi bo‘lolmaydi. Islohotlar adoqsiz davom etaveradi. Ana shu jarayonda ochiqlik, oshkoralik jamiyatning tayanchiga, suyanchiga aylanadi. Bunday orzuga faqat va faqat matbuot orqali erishiladi.
Har qanda milliy ommaviy axborot vositalari sohasi o‘zini o‘zi boshqarish tizimi yaratilgan taqdirdagina chinakam ma’nodagi huquqiy-demokratik, samarali-ma’rifiy institutga aylanishi mumkin. Haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat maqomiga erishish mumkin. Bunday maqsadlarga erishmoqlik uchun Amerikani yangitdan kashf etish shart emas. Matbuot, axborot va ommaviy axborot vositalari sohasiga daxldor davlat va nodavlat tashkilot, idora va hokazolar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona davlat siyosati ishlab chiqilmog‘i darkor. Bu siyosat me’yorlarini belgilashda 2017–2018 yillarda boshlangan islohotlar ruhidan kelib chiqilishi maqsadga muvofiq. Jumladan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyati tubdan yangilanmog‘i zarur. Uyushma – o‘z nomi bilan uyushtiruvchilik vazifasini ado etmog‘i lozim. Oddiy, lekin nihoyatda muhim masala – uyushmaga a’zolik maqomining yo‘qligi! A’zo sifatida e’tirof etilmagan shaxs nima asosida uyushma atrofida qovushadi? Birlashadi?..
Qolaversa, sohada o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmini yaratish va uni yo‘lga qo‘yish masalalari ham Uyushma zimmasiga yuklangani ma’qul.
Uyushma uchun tortinadigan joyi qolmadi, qisinchoqlik davri o‘tdi. Umumishimizga nimaiki naf keltirsa, tap tortmasligimiz kerak.Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, Farg‘ona viloyati jurnalistlar uyushmasi tajribalarini butun respublikaga yoyish ko‘plab muammolarni bartaraf etishga yo‘l ochadi. Farg‘onalik hamkasblarimiz erishayotgan, amalga oshirayotgan ishlar xususida batafsil to‘xtalish o‘rni emas, biroq, bir so‘z bilan aytganda,viloyat jurnalistlari darg‘asi Muhammadjon Obidov tajribalarini butun mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtirish yo‘limizda to‘g‘anoq bo‘layotgan qator muammolarni bartaraf etishda asqotadi deb o‘ylayman.
Bor imkoniyatlar boy berilganicha yo‘q. Umidni uzmaslik kerak. Real sharoitdan kelib chiqib, imkoniyatlarni topish va ishga solish mumkin.
“O‘zbekiston matbuoti” tugadi. Navbat “Hurriyat”gami?
“O‘zbekiston matbuoti” sohamizga doir yagona jurnal edi. 1918 yildan nashr etila boshlangandi. Roppa-rosa 100 yil to‘lgan yili... fotihasi o‘qilmay, to‘xtatildi. Ushbu yo‘nalishdagi “Hurriyat”ga keldimi, navbat?
Bozor munosabatlari, moliyaviy muammolar, qo‘llab-quvvatlashlarning bari o‘z yo‘liga. Men boshqa gapni o‘rtaga tashlamoqchiman.
Barcha ayb-karohat JURNALISTLARIMIZNING O‘ZLARIDA! Faoliyat yuritayotgan 1500 ta OAV tahririyatlarida taqriban 10000–20000 xodim ishlayotgan bo‘lsa kerak? Kasbimiz haqqi-hurmati, tirikchiligimiz manbai bo‘lgan sohamiz ro‘shnoligi yo‘lida “O‘zbekiston matbuoti”ga 10 000, “Hurriyat”ga 10 000 nusxada obuna bo‘lsak kimga foyda, kimga sharaf, kimga savob, aziz hamkasblar?! Birovning kissasidagi mablag‘ni sanashdan yomoni yo‘q, illo boringki, ikki kishilashib hamkorlikda bir yillik obuna uchun aqcha topish shunchalar maholmi?Mushkulmi? Och qolamizmi? Farzandlarimiz rizqini qiyamizmi?..
Gap hamkasblar o‘rtasida birlikning, hamjihatlilikning yo‘qligida. Ayni Uyushmamiz bosh-qosh bo‘lishi zarur bo‘lgan, “Hoy, baraka topgurlar!” deya murojaat qilib chiqsa, “Labbay!” deya quloq soluvchilarning tarqoqligida.
Ahmadjon Meliboyevning jon koyitib yozganlari chandon to‘g‘ri. “Hurriyat” hammamiz uchun minbar! Ajoyib minbar! “Hurriyat”ning ruhi boshqa hech bir nashrda yo‘q. “Hurriyat”ning so‘zi, lutfi o‘zgacha. Nafaqat sohamiz vakillari, balki barcha-barcha soha kishilari uchun qadrli, foydali, sevimli gazeta. Aytar so‘zimiz uchun yarab turgan minbarning yo‘qotilishi bamisoli o‘z tilimizning qirqilishiga rizolik degandek tuyuladi kishiga. Yo‘q, bugungi qiyin kunlar ortda qoladi, “Hurriyat” chiqishda davom etadi. Uning sahifalarida talashib-tortishib chiqamiz, mushtariylar esa ularni talashib-tortishib o‘qiydilar.
Va nihoyat...
Ahmadjon aka! Mashhur polyak-rus adibi Yuriy Oleshada bir jumla o‘qigandim: “Pravo na boltlivost”! Ezmalik qilib yubordim. Uzr. Bunga Siz o‘zingiz, O‘zingizning “Hurriyat”dek ardoqli nashrimiz taqdiri yuzasidan kuyunchaklik bilan yozgan murojaatingiz turtki berdi. To‘g‘ri aytgansiz, “Hurriyat”ning muammosi hammamizning tashvishimiz, dardimiz, xastaligimiz. Siz bitgan murojaat ostiga bajonidil imzo chekishga tayyorman. Taassuflar bo‘lsinki, muammo faqat “Hurriyat”da emas – butun jurnalistikamizda.
Bitta maqolaning vujudga kelishida qanchadan-qancha mehnati singadi qalamkashning. Ijodiy mahorat, tashkiliy-iqtisodiy majburiyatlarni faqat va faqat tahririyat doirasida yashayotgan, mehnat qilayotganlargina to‘la tasavvur qilishadi. Tongotar bosmaxona burchagida “signalniy” nusxani kutib o‘tirishlar mashaqqatiga har kim ham dosh berolmaydi. Ne hasratda yozganingni kimdir o‘qisa, bir og‘iz mamnuniyatini izhor etsa sendan baxtliroq odam yo‘q dunyoda! Biroq “ma’qul” degan so‘zni aytuvchilar kamayib bormoqda, matbuotimiz so‘zi, jurnalistlarimiz so‘zi hamkasblarimiz hamda keng omma tomonidan befarqlik, loqaydlik devoriga borib urilmoqda. Shulardan tug‘ilgan alam va iztiroblar hosilasi deb qarashingizni so‘ragan bo‘lur edim, Sizga yo‘llagan hasratlarimni, Ahmadjon aka.
Alamli, ehtimol, og‘riqli mulohazalarimni Sizga ravo ko‘rganim boisini Siz va qalam ahllarimiz to‘g‘ri tushunadilar, to‘g‘ri qabul qiladilar degan umiddaman. Umumlashma xulosa yasashda mubolag‘a zo‘rayib ketgandek tuyuladi, lekin mavjud ahvol, ehtimol, men o‘ylagandan-da ayanchliroq bo‘lmasin-da, ishqilib, degan andisham ham yo‘q emas. “Hurriyat”ning boshidagi g‘avg‘olardan boshqa ko‘plab nashrlar ham yiroq emasligi yillik obuna ko‘rsatkichlarida yaqqol aks etib turibdi.
Mana, gap nimada, Ahmadjon aka!
Kamoli hurmat bilan yozuvchi,
filologiya fanlari doktori, professor
Xurshid Do‘stmuhammad