Aholisi kamayib borayotgan davlatlar

Visual Capitalist xalqaro dastur mualliflari aholi sonining qisqarib borishi bo‘yicha eng yuqori dinamika bilan tavsiflangan davlatlar reytingini tuzib chiqdi. Xulosalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining demografik tadqiqotlari asosida tuzilgan.

O‘tgan asrning butun davri davomida eng ko‘p tug‘ilish Hindiston va Xitoyda kuzatilgani hech kimni ajablantirmasa kerak. Xuddi shunday o‘sish sur’ati Afrikada ham kuzatilgan. Bir afrikalik ayol o‘z umri davomida kamida 6 ta farzandni dunyoga keltiradi. Yevropa mamlakatlari esa aksincha, o‘zining eng past tug‘ilish darajasi – og‘ir demografik vaziyati bilan ajralib turadi. Aynan shu sababli Sharqiy Yevropa mintaqasida aholi soni tez sur’atda kamayib bormoqda.

 “Qisqarib borayotgan” davlatlar

Oldingi yillarga nisbatan Italiya, Kuba, Shimoliy Makedoniya va Portugaliyada aholi soni 11 foizga qisqardi. Keyingi o‘rinda 11 dan 17 foizgacha bo‘lgan kamayish ko‘rsatkichlari bo‘lgan davlatlar turadi. Bu dinamika Gruziya, Polsha, Vengriya, Estoniya, Gretsiya, Ruminiya, Albaniya, Yaponiya va Moldovada kuzatilmoqda.

Bu qatorda aholi kamayishi bo‘yicha rekord o‘rnatgan davlatlar teskari tartibda joylashtirgan:

  • Bosniya va Gersegovina – 18,2%;
  • Serbiya– 18,9%;
  • Ukraina – 19,5%;
  • Latviya – 21,6%;
  • Litva – 22,1%;
  • Bolgariya– 22,5%.

Sharqiy Yevropa mintaqasidagi demografik inqiroz sabablari

Aholi tabiiy kamayishining yuqori ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadigan mamlakatlar reytingida Sharqiy Yevropa mintaqasi mamlakatlari yetakchilik qiladi. Demografik inqirozning asosiy sabablari quyidagilardir:

- Xalqaro Peterson instituti (PIIE) tomonidan halokatli darajada past tug‘ilish ko‘rsatkichlari 80 yillarning oxirida boshlanganligi qayd etildi. 1988 yilgi tadqiqotlar natijasi o‘rtacha bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni taxminan 2,1 ni tashkil etgan bo‘lsa, 10 yildan so‘ng o‘tkazilgan boshqa tadqiqot bu ko‘rsatkich 1,2 bolaga tushganini ko‘rsatdi;

- Yevropa Ittifoqiga yangi davlatlarning qo‘shilishi yirik emigratsion to‘lqinlarni keltirib chiqardi va Sharqiy Yevropa mamlakatlari aholisi taxminan 6 million kishiga kamaydi;

- Ushbu mintaqa ayollari tug‘ishni istashmayapti, chunki ular o‘z farzandlarining bo‘lajak xavfsiz, tinch hayoti, farovon kelajagi va istiqbollari mavjudligiga amin emas. Aholi sonining kamayishi ko‘plab ijtimoiy dastur va muassasalarning (bog‘cha, maktablarning yopilishi) bekor qilinishiga olib keladi.

Boshqa joylarda-chi?

Mamlakat hukumati demografik vaziyatni yumshatish uchun bir necha ijtimoiy loyiha va dasturlarni joriy qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Yaponiyada bu choralar muammoni tubdan o‘zgartira olmayapti va 1970 yillardan beri bola tug‘ish darajasi doimiy ravishda pasayib kelmoqda.

Kubada har bir ayolga farzand tug‘ishning o‘rtacha darajasi 1,7 bolani tashkil etadi. Bu Lotin Amerikadagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari haqiqiy demografik inqirozni boshdan kechirmoqda. 1991 yilda Litva va Latviya aholisi 700 mingdan 900 ming kishiga kamaygan. Umumiy demografik yo‘qotish 23 foiz, ya’ni  1,85 million kishini tashkil etdi.

G‘arbiy Yevropa mintaqasi yillik aholi o‘sishi indeksining yaxshi ko‘rsatkichlariga ega. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya aholisi yil sayin ortib bormoqda. Biroq bu o‘sish yevropaliklarning tub aholisi bilan emas, balki uchinchi dunyo mamlakatlari, Sharqiy Yevropadan kelayotgan migratsiya oqimlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.