Akobir Matlyubov: “Bitiruvchilarimizning 80 foizi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishiga ishonaman”
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyi qator yillardan buyon iste’dodli o‘quvchilari bilan tanilgan o‘quv muassasalaridan biri. Sababi, ushbu dargohga faqat bilimli o‘quvchilar saralab olinadi. O‘quv muassasasida talabchan, iqtidorli o‘qituvchilar ta’lim bergani uchun ham o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasasiga kirish ko‘rsatkichi ancha yuqori. Masalan, o‘tgan yili akademik litsey o‘quvchilarining 65 foizi oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldi.
O‘quv dargohi faoliyatini yaqindan bilish maqsadida akademik litsey direktori Akobir Matlyubov bilan suhbatlashdik.
- Keyingi vaqtlarda akademik litseyning nufuzi bir qadar pasaygandek. Litsey o‘quvchilari xalqaro tanlovlarda kam qatnashyapti. Bunga sabab nimada?
- Pandemiya sabab bu yil olimpiadalar to‘xtatildi, shuning uchun o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarga qatnasha olmadi. O‘tgan yili xalqaro olimpiadalarda akademik litsey o‘quvchilarining ikki nafari kumush, bir nafari bronza medaliga sazovor bo‘lgandi.
Xalqaro tanlovlarda o‘quvchilar kamayganining bir qancha ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Masalan, yo‘nalishiga qarab ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘tilishi kerak. Bizda esa hanuzgacha maktab darsliklaridan foydalaniladi. Akademik litseylar uchun alohida fanlar chuqurlashtirilgan o‘quv darsliklari mavjud emas. Bundan tashqari, xalqaro olimpiadalarning o‘ziga yarasha talablari bor. Buning uchun o‘quvchining o‘zi darsdan so‘ng alohida shug‘ullanishi, qo‘shimcha darslar olishi, qisqasi, o‘zini ozroq qiynashi lozim. Ammo hozirgi yoshlar o‘zini qiynashni istamaydi.
- Bugun hukumatimiz tomonidan matematika faniga e’tibor kuchaydi. Akademik litseyda matematika fanini yanada chuqur o‘rgatish borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?
- Azaldan matematika fanlarning otasi deb ulug‘lanib kelingan. Prezidentimizning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori quyi ta’lim dargohlaridan oliy ta’limgacha matematika faniga bo‘lgan talabni kuchaytirishni ko‘zda tutmoqda. Bizda bu borada bilimli, tajribali o‘qituvchilar yetarli. Ularning sa’y-harakatlari sabab o‘quvchilar qator yillar xalqaro tanlovlarda matematika yo‘nalishida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib keldi. Keyingi faoliyatimizda ham matematika fanini chuqur o‘zlashtira oladigan qobiliyatli, bilimli o‘quvchilarni tayyorlab berishga harakat qilamiz. Bu borada oldimizga qo‘ygan samarali rejalarimiz bor.
- Karantin davrida o‘quvchilarning o‘zlashtirishi pasayib ketmadimi? Ulardan bitiruv imtihonlari qanday olindi?
- 2019-2020 o‘quv yilini davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq onlayn tarzda joriy yilning 31 may kuniga qadar yakunladik. 2-kurs bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini masofaviy tarzda o‘tkazdik.
Ayni paytda akademik litsey bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyalari yakunlandi. Imtihonlar onlayn tarzda modul tizimi orqali tashkil etildi. 4 kun davom etgan attestatsiyada har bir ishtirokchi o‘zining maxsus kodi bilan qatnashdi. Yakuniy davlat attestatsiya natijalari bo‘yicha o‘rtacha o‘zlashtirish 91 foizni tashkil etib, sifat o‘zlashtirishi (faqat “4” va “5” baho olganlar) 76 foizga yetdi.
Akademik litsey o‘quvchilarining yarmidan ko‘pi uzoq tumanlardan qabul qilingan. Sir emas, ularning ayrimlarini masofaviy ta’limga jalb etishda muammolarga duch keldik. Tabiiyki, bunga, eng avvalo, aloqa vositalarining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi, ayrim holatlarda oilalardagi moddiy yetishmovchiliklar sabab bo‘ldi. Natijada o‘quvchilarning o‘zlashtirishida kam miqdorda bo‘lsa-da pasayish kuzatildi. Masalan, a’lo baholarga o‘qib, imtiyozli diplomga da’vogar bo‘lgan 21 nafar o‘quvchilarning atigi 7 nafari o‘quv yili yakunida bu sharafga loyiq deb topildi.
Yakuniy davlat attestatsiyasidagi “2” baho olgan o‘quvchilar ham aynan sinov paytida aloqa nosozligi yoki uzilishi sababli past baho olgani aniqlandi. Bunday o‘quvchilarga ularning arizalariga ko‘ra qayta topshirishga ruxsat berildi. Natijada 100 foiz o‘zlashtirish darajasiga erishildi. Bu yil akademik litseyni 380 nafar o‘quvchi bitirdi. Nasib etsa, 80 foiz bitiruvchilarimiz oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiradi.
Akademik litseyga umumiy o‘rta ta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul jarayoni ham qizg‘in pallada. O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi profilaktika maqsadida qilingan karantin sababli bajarilishi lozim bo‘lgan tadbirlar masofaviy ravishda davom etmoqda.
- Akademik litsey nufuzini yanada oshirish uchun nima qilish kerak?
- A’lochi o‘quvchini maktab akademik litseyga berishdan ko‘ra, o‘zida olib qolishni istaydi. Shuning uchun ham litseyga o‘quvchilarni 7-8-sinfdan o‘qishga qabul qilish kerak, deb hisoblayman. Bu haqda takliflarimni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ham kiritganman. Agar bu taklif tasdiqlansa, akademik litsey o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish foizi yanada ortadi.
- O‘quv dargohida qanday muammolar bor?
- Hamma joyda bo‘lgani kabi biz ham muammolardan xoli emasmiz, albatta. O‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5-3 million so‘m atrofida. Vaholangki, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining maoshi o‘rtacha 5-6 million so‘m. Shuning uchun ayrim o‘qituvchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘tib ketmoqda. Ammo bizda fidoyi o‘qituvchilar ham talaygina. Maoshi kam bo‘lsa-da boshqa joyga ketmasdan ishlab kelmoqda. Akademik litsey o‘qituvchilarining ham maoshi oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Xurshida ERNAZAROVA
suhbatlashdi.