AKT vaziri hamda bosh vazir maslahatchisining ishdan olingani rasman tasdiqlandi

3 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan “O‘zkomnazor” boshlig‘i G‘olibsher Ziyayevning ishdan olingani haqda xabar berilgandi.

Shuningdek, mazkur voqealar fonida kecha, 4 noyabr kuni ommaviy axborot vositalarida AKT vaziri Shuhrat Sadikov va bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarovning lavozimidan ozod etilgani haqda xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur xabar bugun rasman tasdiqlandi. Prezident Farmoniga binoan AKT vaziri, huqumat qaroriga binoan esa Bosh vazir maslahatchisi vazifasidan chetlatilgani e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga qo‘shilgan ijtimoiy tarmoqlar (Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va «Odnoklassniki») faoliyati cheklab qo‘yilishi e’lon qilingandi. Bu esa internet olamida katta shov-shuv keltirib chiqargan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Prezident aralashuvidan so‘ng o‘sha kunning o‘zidayoq tarmoqlar faoliyati tiklandi, sohaga aloqador mas’ullar vazifasidan ozod etildi. Biroq faollar muammoga hali butunlay yechim topilmagani aytmoqda. Mazkur cheklanishlarga asos bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarga bo‘yicha yangi qabul qilingan me’yoriy hujjat hamon o‘z kuchida ekani tarmoq foydalanuvchilarini xavotirga solmoqda.