Vazirlik o‘zbek qizlarini Janubiy Koreyaga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyatiga aniqlik kiritdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi o‘zbek qizlarini Janubiy Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyatiga oid videolavhaga munosabat bildirdi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida mazkur videolavha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani H.Sulaymonov mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2-Mirobod ko‘chasi, 35 uyda joylashgan “SEJONG HAKDANG” o‘quv markazida tasvirga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan mazkur maskanning o‘zbek qizlarini Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga berish bilan shug‘ullanayotgani holati yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi.

“SEJONG HAKDANG” o‘quv markazi respublikamizda 1992 yilda qonuniy asosda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtga qadar yurtimiz fuqarolariga koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini o‘rgatish maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda. “SEJONG HAKDANG” o‘quv markazi rahbari Xo So Xeng tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur maskanda hozirgi vaqtda 350 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 31 nafari Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishgan.

Bu yerda tahsil olayotgan fuqarolar koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini onlayn o‘quv mashg‘ulotlari asosida, maxsus darsliklar yordamida o‘rganishmoqda.

O‘quv markaz rahbari Xo So Xeng bilan olib borilgan suhbat davomida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 7 sentyabr kuni mazkur maskanda navbatdagi o‘quv mavsumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, yuqorida to‘xtalib o‘tilgan videolavha aynan shu tadbirdan olingan. Bu yerda tahsil olayotgan xotin-qizlar o‘quv markazi tomonidan berilgan e’lonlar asosida murojaat qilishgan.

O‘quv markazidagi darslar haftasiga uch marotaba o‘tkaziladi. Uch oylik o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi.

O‘quv markaz rahbari Xo So Xengning ta’kidlashicha, “SEJONG HAKDANG” o‘quv markazi o‘z o‘quvchilariga faqat koreys tili va madaniyati, shuningdek, qiziquvchilar uchun koreys milliy taomlarini o‘rgatish bilan shug‘ullanadi. Ularni chet elga yuborish yoki Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishlarini tashkil etish bu o‘quv maskani maqsadlariga kirmaydi. Bu yerda tahsil olayotgan, koreys fuqarolariga turmushga chiqqan o‘zbek qizlarining ular bilan tanishuvi yoki oila qurishiga mazkur o‘quv markazining aloqasi yo‘q. Bu fuqarolar turmushga chiqib, o‘rnatilgan tartibda nikohni qayd etgandan so‘ng bu o‘quv markaziga murojaat qilishgan.

"Shu o‘rinda o‘z taqdirini ko‘r-ko‘rona boshqa millat vakillari bilan bog‘layotgan o‘zbek qizlariga hayotga teranroq qarab, chet elga turmushga chiqqan ba’zi yurtdoshlarimizning ayanchli qismatidan to‘g‘ri xulosa chiqarishlarini so‘rab qolamiz.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “SEJONG HAKDANG” o‘quv markazining kelgusi faoliyati atroflicha o‘rganib borilishini ma’lum qilamiz", deyiladi bayonotda.