Vazirlik va idoralarda 17,5 mingtaga yaqin shtat birligi qisqartiriladi

Bugun, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, vazirlik va idoralarda byudjet va nobyudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladigan jami 17 447ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda (24 foiz).

Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga qisqartirilmoqda.

Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, 703 ta avtotransport vositasi va 10 ta bino bo‘shamoqda.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida:

  • shtatlar sonini qisqartirish hisobiga 1,5 trln. so‘m;
  • avtotransport vositalari sonini qisqartirish hisobiga (shu jumladan, yoqilg‘i-moylash, shinalarni almashtirish xarajatlari) 70 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari iqtisod qilinmoqda.

Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda.

Vazirlik va idoralarning nobyudjet mablag‘laridan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qat’iyan taqiqlanmoqda.