Vazirliklarning bir-biriga qarshi javoblari ko‘p kuzatiladi
Xabaringiz bor, parlament Qonunchilik palatasiga Samarqanddan saylangan deputatlar bilan turkum suhbatlar berib borilmoqda. Bu galgi suhbatimiz 1977 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan, 2002 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan “Adolat” SDP a’zosi Shuhrat Polvonov bilan bo‘lib o‘tdi.
- Shuhrat aka, suhbatimizni hamkasbingiz Gulbahor Saidg‘aniyeva bilan hukumatdan tibbiyot xodimlarining oyligini oshirish, ish haqi miqdorlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganligingiz bilan boshlasak. Bu masalani ko‘tarishga nima sabab bo‘lgandi?
- Rosti, o‘tgan yil koronavirus pandemiyasi sabab jamiyatimiz ijtimoiy hayotida yuzaga kelgan holatlar bu masalaga e’tibor qaratishimizga sabab bo‘ldi. Negaki, bu sinov davri nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyatga qadriyatlar mohiyatini anglashda muhim bir turtki sifatida ta’sir qildi. Karantin e’lon qilingan kunlarning dastlabki bosqichida “jon shirinligi” effekti odamlarni qanday ko‘ylarga solganligini, hamma shifokorlar og‘ziga qarab qolganligini hech kim esidan chiqarmagan bo‘lsa kerak.
Shu bois, qonun chiqaruvchi organ vakili sifatida tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimini tanqidiy tartibda qayta ko‘rib chiqish, bunda asosiy e’tiborni tibbiyot xodimining mehnatiga haq to‘lash miqdori bajarilayotgan ishlarning murakkabligi va yuklanmasi darajasiga hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga bog‘liq holda bo‘lishi lozimligiga qaratdik.
So‘rovga ijro hokimiyatining munosabati qoniqarsiz
- Bugungi kunda ham mazkur masalada aytarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili sifatida ijro hokimiyatining so‘rovlaringizga befarqligini qanday baholaysiz?
- Fikrlaringizga qo‘shilaman, o‘tgan davrda ijro hokimiyati tomonidan tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimini takomillashtirish borasida arzirli o‘zgarishlar amalga oshirildi, deb ayta olmaymiz.
Tan olishimiz kerak, bu borada ijobiy ishlar ham bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi qarori bilan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga maxsus rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi. Bu “frontda” fidokorona xizmat qilgan tibbiyot xodimlari uchungina ma’lum ma’noda quvvatlov bo‘la oldi.
Endi parlament a’zolari so‘roviga ijro hokimiyatining munosabatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, vaziyatni qoniqarsiz, deb baholagan bo‘lardim. Saylovchilar, aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha murojaatlarimizga yuzaki javoblar bilan bir vaqtda, turli vazirliklarning bir-biriga qarshi javoblari ham kuzatiladi.
Ijro hokimiyatining vakolat va imkoniyatlari boshqa hokimiyatlarnikidan yuqori
- Umuman, bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanib qolyapti, nazarimda – ijro hokimiyati sud va qonun chiqaruvchi hokimiyatga nisbatan jamiyat hayotida roli kengroq. O‘zaro tiyib turish tamoyillari, bir-birini nazorat funksiyalarini amalda ishlashi uchun nima yetishmayapti, deb o‘ylaysiz? Vaholanki, davlat rahbari bu haqda bir necha marta o‘z fikrlarini bildirmoqda.
- Tan olish kerak, bugungi kunda ijro hokimiyatining xalq, davlat va jamiyat hayotidagi roli juda keng. Menimcha, bu ijro hokimiyatiga berilgan vakolatlar va imkoniyatlar yuqoriligi bilan bog‘liq.
To‘g‘ri, parlamentni davlat ahamiyatiga molik masalalarni ko‘rib chiqish borasidagi vakolatlari doirasi ham ancha kengaydi. Jumladan, “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va byudjetnomani ko‘rib chiqish, Bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlash (saylash), Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun nazarda tutilgan asosiy ustuvorliklar to‘g‘risidagi ma’ruzasi hamda Davlat dasturi bajarilishi to‘g‘risidagi hisoboti, hukumat a’zolarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti hamda ularning deputatlar savollariga javoblarini eshitish («hukumat soati») institutlari joriy qilindi.
Biroq fikrimcha, parlamentdagi bu jarayonlar hali ham ko‘proq formal tusga ega bo‘lib qolmoqda. Shu bois, mavjud holatni tahlil qilib, ilmiy asoslangan holda Qonunchilik palatasining qo‘mitalari rolini kuchaytirish kerak, deb hisoblayman.
Dori vositalarini ro‘yxatga olish tartibi korrupsiogen omillardan xoli emas
- Saylovoldi dasturingizda korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy o‘rin tutadi. Jumladan, siz nurobodlik saylovchilaringiz bilan uchrashuvda ham davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatida qonuniylik bo‘lishi uchun nazoratni kuchaytirish kerakligini bildirgandingiz.
O‘tgan davr mobaynida bu borada aynan o‘zingiz yoki parlament quyi palatasi qanday o‘zgarishlarni amalga oshira oldi? Saylovchilar buni nimalarda ko‘rishi mumkin?
- Avvalambor, parlamentning o‘ziga xos funksiyalaridan kelib chiqib korrupsiyaga qarshi kurash bir necha yo‘nalishlarda olib boriladi.
Eng asosiy yo‘nalish bu qonun ijodkorligi yo‘li bilan korrupsiyaga qarshi kurashish. Bu borada “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” maxsus qonun qabul qilingani, o‘tgan yilda sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etishga oid qonun misol bo‘la oladi. Yaqinda esa yer uchastkalarini olib qo‘yish vakolatini hokimliklardan olib, mahalliy kengashlariga berishga oid qonunni qabul qildik.
Qonun ijodkorligidagi yana bir masala bu – qonunlarning o‘zini korrupsiogen normalardan xoli etish. O‘tgan davr mobaynida korrupsiogen normalarning 10 dan ortig‘i qonun loyihalaridan chiqarildi. Agar korrupsiyadan xoli bo‘lmasa qonunning o‘zi ham qaytarilyapti. Masalan, yaqinda sudlarning ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ayrim vakolatlarini ichki ishlar organlariga o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi deputatlarimiz tomonidan korrupsiogen, deb topildi va qaytarildi.
Yana bir faoliyat yo‘nalishimiz - parlament nazorati, bunda mansabdor shaxslarning axborot va hisobotini eshitamiz. U yoki bu mansabdor shaxsning bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida 3 ta vazirlik va idora rahbarlarining axboroti eshitilgan. Masalan, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan eshituv davomida dori vositalarini ro‘yxatga olish tartibi korrupsiogen omillardan xoli emas, deb topildi.
Ya’ni dori vositalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha amaldagi nizomga muvofiq, ro‘yxatga oluvchi organ taqdim etilgan hujjatlarda arzimagan kamchiliklarni aniqlagan taqdirda ham hujjatlarni 5 oy ushlab turib, keyinchalik rad etishi mumkin. Shu sababli ro‘yxatga olish rad etilganda, 2 pog‘onali tizimni joriy qilishni taklif etdik. Agar hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, uni 10 kundan kechiktirmay, laboratoriya tekshiruvlari bilan bog‘liq bo‘lsagina uni kechroq muddatda rad etishni so‘radik. Bugungi kunda amaldagi nizomga o‘zgartish kiritish borasida loyiha tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Shuningdek, vazirlik tizimida ishga qabul qilish, orderlar berishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish va bozor mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi hamda “Tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga bog‘liq ravishda shifoxonaga yotqizishga ko‘rsatmalarni aniqlash jarayoniga axborot-texnologilarini joriy qilish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarimizdan to‘liq qoniqish hosil qilganmiz, desak ham xato bo‘ladi. Faoliyatimizni yanada foydali va samarali tashkil etish, imkoniyatlarimizdan kengroq foydalanishimiz kerak, deb hisoblayman.
«Navbatdagi dastur asosida hal etiladi», degan bir parcha qog‘oz
- Yaqinda Samarqandda bo‘lganingizda Past Darg‘om tumanidagi 88-maktab uchun sport zali kerakligi, Mash’al hamda Guliston mahallalarida ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktabgacha ta’lim tashkiloti, sport maydonchalari zarurligiga guvoh bo‘lgansiz.
Aytingchi, bu muammolarni hal qilish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirdingiz? Qayd qilingan masalalarni qancha muddatda hal qilish mumkin, deb hisoblaysiz?
- Saylovchilar tomonidan bildirilgan, hal etilishi ijro hokimiyati va mablag‘ga borib taqaladigan muammolar - deputatlik faoliyatimdagi eng og‘riqli holatlar, deb baholagan bo‘lardim. Yordam qilishni istaysiz, yugurasiz, mansabdorlar eshiklarini taqillatib, muammoni tushuntirasiz, oxiri «navbatdagi dastur asosida hal etiladi», degan bir parcha qog‘oz tutqazishadi.
Siz aytib o‘tgan masalalar bo‘yicha ham tuman hokimligiga va respublikaning mutasaddi idoralariga murojaatlar chiqardik, lekin ijro hakimiyati «avzoyiga» qaraganda bu masalalarni hal etishning aniq muddatini aytish qiyin.
Bilasiz, men saylangan saylov okrugi asosan Nurobod tumani va Past Darg‘om tumanining bir qismini tashkil qiladi. Yuqorida qayd qilingan achchiq tajribalardan kelib chiqib, joriy yil mart oyidan saylovchilar muammolari bilan ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshladik. Bu borada o‘rni kelganda batafsil axborot berib boramiz.
Qanday «Adolatli deputat» bo‘lgan?
- Davlatimiz rahbari ayni paytdagi parlamentga birinchi murojaatida sanoqli deputatlarning faolligini, shu jumladan, Sizni ham e’tirof etgandi. Joriy yilda Qonunchilik palatasi tomonidan Sizga «Adolatli deputat» maqomi berildi.
Qaysi mehnatlaringiz evaziga shu maqomga loyiq topildim, deb o‘ylaysiz?
- Men xalq vakili degan darajaga erishganimning o‘zi yuksak bir maqom, deb o‘ylayman. Saylovchilar tomonidan bildirilayotgan masalalar yechimi bo‘yicha harakatlarimiz, parlament nazoratiga doir masalalar va qonun loyihalari muhokamalari davomida ham umuman biron bir e’tirof yoki maqomga ega bo‘lish maqsadi bo‘lmagan. Shu sababli, davlat rahbarining e’tirofi va “Adolatli deputat” maqomi berilishi kutilmagan holat bo‘ldi. Menga bular faqat qo‘shimcha mas’uliyat yukladi.
- Aksariyat saylovchilaringiz ko‘p yillar sud, iqtisodiy sud tizimida ishlaganingizdan xabardor. Bugungi kunda professional qonun ijodkorisiz, qaysiki, mamlakatning mavjud qonunlari va uning odamlarini huquqiy saviyasidan boshqalardan ko‘ra yaxshiroq xabardorsiz.
Shu ma’noda, deputatlar, qolaversa saylovchilar oldida qanday vazifalar turibdi, deb hisoblaysiz?
- Bugun «falonchi shuncha pora evaziga ishga kiribdi», degan gapni eshitsak, hayron bo‘lmaymizu, «falonchi hech qanday tanish-bilishsiz ishga kiribdi», degan gapni eshitib hayratlanamiz. Sizga bu tanish tuyulyaptimi? Nega? Bu nimani anglatadi?
Nazariyada «kasal jamiyat» tushunchasi bor. Bu jamiyat hayotida ro‘y berayotgan barcha noqonuniy voqeliklar jamiyat a’zolari tomonidan «tabiiy hol» tarzida qabul qilinishidir. Bugun biz qanchalik tez «jamiyatimiz kasal» ekanligini tan olsak va har birimiz o‘zimizni o‘zimiz «davolashni» boshlasak, hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar o‘sha ondan boshlanadi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.