Aliment to‘lovidan 9 million so‘mdan ziyod qarzi bor ota jazolanadi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor A.B. tomonidan undiruvchi D.H.ning foydasiga 1 nafar farzandining voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.
Biroq qarzdor A.B. aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida ma’muriy jarima jazosi tayinlangan.
Fuqaro A.B. qo‘llanilgan jarima jazosidan so‘ng ham tegishli xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Oqibatda uning qarzdorligi 9 million 138 ming so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan fuqaro A.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi.