Alimentdan qarzdor pastdarg‘omlik fuqaro salkam 83 million so‘m to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining qarori bilan fuqaro Erkin Rasulovdan undiruvchi Gulmira Quvvatovaning uch nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirib berish belgilangan.
Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Shu vaqtga qadar fuqaro E.Rasulov aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan edi.
Pandemiya sharoitida muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda byuroning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, qarzdor E.Rasulov bilan ham tegishli suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi.
Bunda to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota farzandlari ta’minoti uchun 82 million 774 ming so‘m pulni to‘lab berdi.
Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi.