Alisher Navoiy: "Agar hikmatga bo‘lsa iltifoting, Ki, bo‘lsin Nuh umricha hayoting"
Ma’naviy etuk insonni tarbiyalab voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan hozirgi davrda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodidagi ma’rifiy g‘oyalar, pand-o‘gitlar biz uchun mukammal dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Alisher Navoiy ijodini o‘rganish borasida shu vaqtgacha juda ko‘p ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda umumta’lim maktablarining deyarli barcha sinflarida, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarining adabiyot darsliklarida Navoiy ijodini o‘rganishga keng o‘rin berilgan. Boshlang‘ich ta’limda, ya’ni 1-4 sinf o‘qish va odobnoma darsliklarida buyuk shoirimiz haqida bolalarga o‘rnak bo‘ladigan kichik-kichik afsona va rivoyatlar, asarlaridan hikoyat tarzida namunalar keltirilgan. Bunday ma’lumotlar Alisher Navoiy hayoti va ijodini yosh bolalarga sodda va tushunarli tarzda o‘rgatishda dastlabki qadamdir. Binobarin, Alisher Navoiy hikmatlari mohiyatini anglagan barkamol avlod jahonga yuz tutadi. Dunyo ilm ahli bilan umumbashariy mavzularda bellasha oladi.
Agar hikmatga bo‘lsa iltifoting
Ki, bo‘lsin Nuh umricha hayoting.
Agar bilim olishga, dunyoning siru sinoatlarini o‘rganishga o‘zingda xohish topa olsang, o‘zingni shunga ko‘niktirsang, egallagan bilimlaring kelgusida o‘zingga asqotadi, deydi shoir. Bu hikmatni bir qarashda o‘quvchiga yaxshi niyatda uzoq umr berilishini so‘rab bildirilgan tilak sifatida qabul qilish mumkin. Biroq nima uchun aynan Nuhning umrichalik umr to‘g‘risida fikr yuritilmoqda? Shoir hikmatining mag‘zi ham shunda-da. Ushbu savolga Nuh ismli payg‘ambar bo‘lganligini uning hayoti, faoliyati haqida Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” asaridagi “Nuh va kema” hikoyatini og‘zaki so‘zlab berish orqali javob topish va o‘quvchiga tushuntirish mumkin.
Aytishlaricha, Nuh payg‘ambar bir ming yetti yuz yil yashagan ekan.
O‘z vujudingga tafakkur aylagil.
Har ne istarsen, o‘zingdin istagil.
Ilm olish qiyinchiligidan qo‘rqqan odam bilim ololmaydi, bu yo‘lning mashaqqatlariga sabr va bardosh, qunt va chidam bilan harakat qilgan odamgagina ilm xazinasining eshiklari ochiladi. Har bir odam o‘z maqsadlari yo‘lida o‘zi kurashmog‘i zarur. Bunung uchun o‘z imkoniyatlarini chamalab ko‘rmog‘i, shu ish mening qo‘limdan keladimi, uddalay olamanmi, yo‘qmi deb o‘zini imtihon qilmog‘i, imkoniyatni faqat o‘zidan qidirmog‘i lozim. Shundagina, boshqalardan najot so‘rab o‘tirmaydi, o‘z-o‘ziga suyansagina orzu-niyatlari ro‘yobga chiqadi, deya yoshlarga murojaat qiladi shoir.
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Kimki o‘zini haqiqiy insonlar qatorida ko‘rishni istasa, xalqning g‘amu tashvishini o‘zining kulfati deb qaramog‘i lozim. Xalqning og‘irini yengil qilish g‘ami bilan yashagan odamgina haqiqiy inson sanaladi. Ushbu so‘zlarni Navoiy shunchaki o‘git sifatida aytmagan, balki o‘zi ham bu ezgu fikrlarga amal qilgan. Kishilar g‘amida bo‘lish, yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish shoir hayotining mazmuniga aylangan.
So‘zda, Navoiy, ne desang chin degil,
Rost navo nag‘maga chun tahsin degil.
Yolg‘on gapirishni odat qilgan odam o‘zining bu qilig‘idan uyalishi o‘rniga, kishilarni aldaganidan faxrlanadi. Yolg‘on gapiga go‘llik bilan quloq soluvchi va unga ishonuvchi kimsani topsa, o‘z maqsadiga yetgan bo‘ladi. Agar yolg‘onchining yolg‘on so‘zi fosh bo‘lsa, u yuzi qoro bo‘lib, butun umr odamlar qatoriga qo‘shila olmaydi. Insonlar har qanday sharoitda ham to‘g‘ri so‘zlash, yolg‘ondan hazar qilishi lozimligi uqtirilmoqda. Rost so‘zlovchi, o‘z so‘zining ustidan chiqa oladigan kishilar esa xalq orasida doim hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishi ta’kidlangan. Ushbu hikmatning ma’nosini bolalarga yanada to‘laroq qilib tushintirishda Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Yolg‘onning zarari, to‘g‘rilikning foydalari”ga bag‘ishlangan o‘ninchi maqolatidagi “Sher bilan durroj” hikoyatini keltirish mumkin.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf adabiyot darsligida hazrat Alisher Navoiyning
Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas.
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas
bayti bilan boshlanadigan g‘azali kiritilgan.
Baytda shoir “men istagan” deganida o‘zidan-da zukko, bilimdon kishini nazarda tutadi. “O‘z suhbatig‘a arjumand etmas” deganda, ya’ni azizlanmaslikni nazarda tutadi, bunday bilimdonlarning suhbatiga musharraf bo‘lish uchun ulardek ilmga ega bo‘lish zarurligini o‘quvchiga uqtiradi. Agarda men bilan suhbatlashayotgan kishining dunyoqarashi menikidan yuqori bo‘lmasa, uning suhbatidan qoniqmayman, degan fikrni “ko‘nglim pisand etmas” iborasi orqali nihoyatda ustalik bilan ifodalaydi.
Nazarimizda, shoirning ushbu iborani ishlatishdan maqsadi o‘z suhbatdoshiga nisbatan ko‘nglining pisand etmasligi emas, balki hamsuhbatining dunyoqarashi, his-tuyg‘ularining o‘ziniki singari emasligini ta’kidlash bo‘lgan, xolos. Bu yerda shoir o‘quvchilarga o‘z bilimining qolipida qolib ketmaslik, uni doimiy ravishda oshirib borish zarurligini, shundagina bilimdonlar davrasida e’tirof etilishini ta’kidlamoqda.
Alisher Navoiy asarlarini o‘rganish, ularda aks ettirilgan umuminsoniy g‘oyalar komil insonni tarbiyalashga qaratilgan. Zero, shoir ijodida insonning har taraflama yuksak shaxs bo‘lib yetishishini ta’minlovchi mezonlarning barchasi o‘z falsafiy, badiiy ifodasini topgan.
Gulbahor Rahimova,
SamDU dotsenti.