Amaldorning kirim-chiqimidan xalq xabardor bo‘lishi lozim

Korrupsiya haqida sizning fikringiz qanday, bilmadim-u mening xulosalarimga ko‘ra davlat rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan narsa korrupsiya hisoblanadi. Jamiyat, davlat siyosati ildiziga bolta uruvchi kuch ham korrupsiyadir. U aholi turmush tarzining achinarli ahvolga tushishiga, jamiyatda tamagirlik, firibgarlik kabi illatlarning tomir otishiga imkon beradigan yovuz kuch.

Huquq-tartibot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, fan, sport kabi sohalarda o‘z oldiga buyuk maqsadlarni qo‘ygan har qanday davlat, avvalo, korrupsiyaga qarshi keskin, murosasozlikka asoslanmagan va aslo kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi lozim.

Korrupsiyaga qarshi kurash murakkab va butun boshli tadbirlar dasturi asosida olib borilishi kerak. Garchi davlat amaldorlarining moliyaviy ahvoli muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ularning maoshini oshirish, qo‘shimcha rag‘batlantirish poraxo‘rlikka qarshi kurashda yetarli samara bermaydi. «Rag‘bat va yashash uchun ishlaymiz», qabilida ish tutadigan, nafsi va ko‘zi och amaldor muayyan bir mansabda xolisanillo ishlashi amalda o‘z tasdig‘ini topmayapti. Masalan, juda nufuzli joylarda katta ish haqi olib, ko‘p imtiyozlardan foydalanayotgan mansabdor shaxslar hatto o‘z vazifasini bajarganligi uchun ham pora talab qilishi holatlari uchraydi.

Bu illatdan qutulish uchun jamiyatda qonun ustuvorligi asosiy masala bo‘lishi lozim. Davlat hokimiyati tizimlarining ish faoliyati shaffof bo‘lishi va bu shaffoflik jamoatchilik hamda OAV yordamida nazorat qilib borilishi kerak. Davlat amaldorining shaxsiy moliyaviy xarajatlari ustidan nazoratni amalga oshirish korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali usulidir. Mansabdorning har choraklik moliyaviy kirimi haqida prokuratura, soliq idoralari, OAV va jamoatchilik ma’lumotga ega bo‘lishi muhim. Shu bilan bir qatorda mansabdor shaxslarning oila a’zolari, yaqin qarindoshlarining daromadlari soliq deklaratsiyasida qayd etilishi va soliq qo‘mitasining tegishli hujjatlarida o‘z aksini topishi lozim. Natijada, mansabdor olgan maoshi va u xarid qilgan har qanday mulk summasi o‘rtasidagi muvozanat faoliyatini davlat va xalqqa nisbatan vijdonan olib borayotganligi yoki bormayotganligi haqida to‘la tasavvurni beradi. Amaldagi qonunchiligimizda mansabdorlarning soliq deklaratsiyasini to‘ldirishi mavjud, ammo bu deklaratsiyaga kiritilgan ma’lumotlar to‘g‘riligi tekshirilmayapti.

Qonunchilikda davlat amaldorlarining daxlsizlik huquqidan foydalanish tartiblarini va shaxsiy sir saqlash huquqlarining doirasini kamaytirish ham poraxo‘rlikka barham berishga omil bo‘lishi mumkin.

Bir misol bilan fikrimni yakunlamoqchiman: Shvetsiyada korrupsiyaga qarshi kurashadigan, jamoatchilikka asoslangan komissiya faoliyat ko‘rsatadi. Ular xizmatida shaffoflik yo‘lga qo‘yilgani uchun Shvetsiya dunyoda korrupsiyasiz mamlakat hisoblanadi.

Ismatilla Yo‘ldoshev.