Amir Temurning archa daraxti yog‘ochidan tayyorlangan tobuti Samarqand muzeyida

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida "Amir Temur maqbarasining o‘rganilish tarixidan" nomli ko‘rgazma mavjud. U XIV asr oxiri - XV asr boshlarida Markaziy Osiyo arxitekturasining shedevrlaridan birining o‘rganilish tarixini asl va ilmiy-yordamchi materiallar asosida yoritib beradi.

Ko‘rgazma Amir Temur va uning avlodlari haqida qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirgan tarixchilar – Mirxond va Ibn Arabshoh asarlarida keltirilgan ma’lumotlar bilan boshlanadi.

Ko‘rgazmada XIX asr oxiri - XX asr boshiga tegishli bo‘lgan maqbara ko‘rinishi tushirilgan asl nusxadagi otkritkalar va ikkita kitob: 1885 yilda chop etilgan "Jivopisnaya Rossiya. Srednyaya Aziya" va 1894 yilda chop etilgan 199 ta rasm tushirilgan rassom Dmitriyeva-Kavkazskiyning "Po Sredney Azii" asarlari namoyish etilgan.

Birinchi tadqiqot ishlari 1895 yilda mashhur arxitektorlar A.V.Shusev va P.P.Pokrishkenlar tomonidan yodgorlikni batafsil o‘lchash ishlari olib borilishi bilan boshlandi. O‘rganish natijasida 1905 yilda N.I.Veselovskiy tomonidan tarixiy ma’lumotnomaga ega bo‘lgan o‘lchovli chizmalar albomi chop etildi. Ushbu albom muzeyimizning fondida saqlanadi va 8 varaqdan 1 ta sahifasi ko‘rgazmada namoyish etilgan.

Ko‘rgazmada Amir Temur maqbarasining ochilish jarayonidan videofilmdan lavhalar namoyish etilmoqda. Ushbu tadqiqot davomida xilxonadagi qabrlarda Amir Temur va temuriylar sulolasi vakillari dafn etilganligi o‘z isbotini topdi. Shuningdek, ekspozitsiyada ilk bor Samarqand qog‘ozida tayyorlangan ushbu ekspeditsiyaning olimlar imzolari tushirilgan hujjatlar nusxasini ham ko‘rishingiz mumkin. Namunalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining arxividan nusxa olingan.

Ko‘rgazmada Amir Temurning archa daraxti yog‘ochidan tayyorlangan tobuti, shuningdek, Amir Temur va Shohruh Mirzo tasvirlarining gipsdan ishlangan - byusti taqdim etilmoqda. Muzey fondlarida qurilish kompleksida foydalaniladigan buyumlar va quruvchilar tomonidan ishlatiluvchi qismlar mavjud.

Ko‘rgazmada o‘tgan asrning 90-yillarida me’mor Egamberdi Nurullayev tomonidan yaratilgan maqbaraning rekonstruksiya qilish loyihasi namoyish etilmoqda.