Mevali daraxtlarni anomal sovuqdan qanday saqlash mumkin?

Yurtimizga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelyapti. Bunday anomal sovuqda qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan soha vakillari nimalarga e’tibor qaratishlari lozim?

Ko‘p yillik daraxt, sabzavot ekinlari va chorva hayvonlarini sovuqdan himoya qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha viloyat agroxizmatlar markazi (AKIS) mutaxassislari tomonidan agrar soha vakillariga bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mevali daraxtlar sovuqqa qanchalik chidamli?

Jumladan, olmaning ayrim turlari va navlari sovuqqa turlicha chidamli. Ko‘pgina janubiy navlar -32 -35 darajadan past haroratda, ba’zilari esa (semerenko) -21 daraja sovuqda nobud bo‘ladi. Nok -26 -28 darajadan -30 -32 darajagacha, behi -27, o‘rik -30, shaftoli -22 -26, bodom -22 -25, jiyda -30, olxo‘ri -30, gilos -28, yong‘oq -25 darajada bir yillik yangi novdalarini sovuq uradi.

Anorni bir yillik novdalari -12 -15, shox-shabbalari -16 daraja sovuqda, -18 -20 gradus sovuqda esa o‘simlik ildiz bo‘g‘zigacha yer ustki qismini sovuq uradi. Anjir -15 darajada bir yillik novdalari, -16 da shox-shabbalari, -18 -20 darajada esa o‘simlik ildiz bo‘g‘zigacha yer ustki qismini sovuq uradi.

Xurmo -18 -20 darajagacha bardosh beradi, lekin ancha zararlanadi, chilonjiyda (Unabi) -28 -30 daraja sovuqqacha bardoshli hisoblanadi.

Qulupnay sovuqqa chidamsiz bo‘lganligi uchun qorsiz qishda ham sovuq urishi mumkin. Shuning uchun bunday vaqtda uning ustini somonli go‘ng bilan yopiq qo‘yish talab etiladi. Malina madaniy navlari qishga chidamsiz, novdalari kech kuzda o‘sishdan to‘xtaydi va qish qattiq bo‘lganda sovuq uradi. Qora smorodina suvuqqa juda chidamsiz.

Bog‘larni anomal sovuqdan saqlash uchun tutunlatish usulidan foydalanish tavsiya etiladi. Tutun nim quruq narsalarni yoqish yoki tutun parda hosil qiladigan "shashka"larni tutatib (chet ellarda samolyotdan bog‘ ustiga tashlanadigan qator kimyoviy birikmalar yordamida ham) hosil qilinadi.

Eng osoni, tutun uyumlari chiqindi, go‘ng, yaroqsiz nam poxol, shox-shabba, qipiq, barg va boshqa ko‘p tutun hamda bug‘ chiqarib yonadigan materiallardan hosil qilinadi. Uyumning katta-kichikligi 1-1,5 metr balandlikda va 1,5-2 metr kenglikda bo‘lgani ma’qul. Tagida quruq va yengil alangalanib yonadigan materiallar, ustiga nam, tutaydigan, yonayotganda ko‘p tutun va bug‘ chiqaradigan materiallar tashlanadi. Uyum ustiga 2-3 santimetr qalinlikda tuproq solinadi, yuqorisida esa tutun chiqishi uchun teshik qoldiriladi. Bog‘lardagi harorat keskin pasayganda uyumlar shamol esayotgan tomondan yondiriladi. Takroriy qora sovuqlar bo‘lib qolishini nazarda tutib, ularning yarmi qoldirilib, ya’ni uyum oralatib yondiriladi. Yongan uyumlardan chiqqan issiqlik havo haroratini darajasini bir necha o‘n ulushidan 0,75-1,0 darajagacha isitishi mumkin. Kuchsizroq sovuqlarda haroratning bunday oshishi ham ijobiy natija beradi. Uyumlar hosil qilishdan asosiy maqsad - ko‘proq quyuq, barqaror tutun va bug‘ chiqarish, ularning bog‘ ustiga yoyilib, yerning va daraxtlarning nur tarqatishini kamaytirishidan iborat. Tutunlarning havo harorati isiy boshlagunga qadar davom etishi va quyosh chiqishidan 1-2 soat keyin tugatish lozim.

Shuningdek, bog‘larda  sovuqqa  qarshi  kurashish  uchun  maxsus  grelkalarda (isitkichlar) neft va toshko‘mirdan qilingan briketlardan ham foydalanish mumkin. Bulardan asosan sitrus mevalar yetishtiriladigan bog‘larda foydalaniladi. Ular havo haroratini 3 darajagacha ko‘taradi, 150 grelka 1 gektar bog‘da haroratni 4-4,5 darajagacha oshiradi. Katta bog‘larda ulardan foydalanish birmuncha qiyinchilik tug‘diradi.

Sovuq kunda bog‘larni qondirib sug‘orish ham past harorat ta’sirini bir muncha kamaytiradi. Yer yuzasi suv bilan qoplangunga qadar ko‘llatib sug‘oriladi. Bunda suv havo haroratidan yuqori bo‘lganligi uchun bog‘larning suv isitkichi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan hosil bo‘lgan suv bug‘lari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Issiqxonalarni anomal sovuqdan asrash ham juda muhim. Buning uchun issiqxona qozonxonalarini va dudbo‘ronlarini qayta tozalash, germetik holatlarni ko‘rib chiqish, isitish manbalari zaxirasini qilish, tirqishlarni berkitish, tutun qilish, imkoni bo‘lmaganda elektr koloreferli issiqlik haydovchi ventilatsion qurilmalardan foydalanish orqali hosilni beziyon saqlab qolish mumkin.

Sodiq Mamasoliyev,
Samarqand viloyati agroxizmatlar markazi direktori.