AQSH Rossiyadan yuborilgan O‘SVQ uskunalaridan foydalanmaslikka qaror qildi

AQSh hukumati Rossiyadan yuborilgan “Aventa-M” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘pkani sun’iy ventilyasiya qilish (O‘SVQ) uskunalaridan, Sankt-Peterburgda sodir bo‘lgan yong‘in sabablari aniqlanguniga qadar foydalanmaslikka qaror qildi. Bu haqda FEMA favqulodda vaziyatlar agentligi xabar qildi.

“Aprel oyining boshida Rossiya AQShga tibbiy uskunalar yuborgan edi, shu jumladan, “Aventa-M” o‘pkani sun’iy ventilyasiya qilish uskunalarini ham. O‘sha vaqtda Nyu-York va Nyu-Jersida O‘SVQ uskunalari yetishmovchiligi kuzatilayotgan edi. Shu sababdan ham uskunalar ushbu ikki shtatning omborxonalariga jo‘natildi”, deyilgan ma’lumotda.

Agentlik taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat barqarorlashgan, uskunalardan foydalanishga ehtiyoj qolmagan. Biroq vaziyat yomonlashish ehtimoli hisobga olinib, ular Nyu-York va Nyu-Jersi zaxirasiga olingan.

“Ehtiyot choralarini ko‘rgan holda Qo‘shma Shtatlar uskunalarni FEMAga qaytarmoqda. Sankt-Peterburgda sodir bo‘lgan yong‘in sabablari o‘rganilganidan keyin uskunalardan foydalanish yoki foydalanmaslik aniq bo‘ladi”, deya ta’kidlangan agentlik taqdim etgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar davolanayotgan kasalxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in O‘SVQ uskunalarining birida yuz bergan qisqa tutashuv oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lishi mukinligi aytilmoqda.