AQShda byudjet taqchilligi 100 barobarga oshdi
AQSh federal byudjeti taqchilligining o‘tgan oydagi ko‘rsatkichi o‘tgan bir yillik ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Bu haqda AQSh Kongressining byudjet boshqarmasi bo‘limi taqdim etgan ma’lumotlar guvohlik bermoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, AQSh byudjeti taqchilligi iyun oyida 863 milliard AQSh dollariga yetgan. Bu esa o‘tgan yili shu vaqtda qayd etilgan ko‘rsatkichdan (8 milliard dollar) yuz barobar ko‘p.
Hujjatda keltirilishicha, byudjet taqchilligining bu darajadagi yuqori ko‘rsatkichi koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz sababli yuzaga kelgan.
Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon iqtisodiy o‘sishni qo‘llash maqsadida AQSh hukumati 3 trillion dollar mablag‘ sarflagan. Shu bilan birga, Oq uy xodimlari apparati rahbari Mark Medouzning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun yaqin kunlarda yana qo‘shimcha paketlar qabul qilinadi.
AQSh Kongressining byudjet boshqarmasi 2020 yil so‘nggiga qadar yillik byudjet taqchilligi 4 trillion dollarga yetishini taxmin qilmoqda.