Aviakompaniya qozog‘istonlik yo‘lovchidan uzr so‘radi

Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizga sayyoh sifatida kelgan qozog‘istonlik Sholpan Yesmuxambetova Samarqanddan Toshkentga yetib olishda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi xizmatidan foydalanishda yuzaga kelgan noqulayliklar haqida yozdi.

Mazkur holat yuzasidan Uzbekistan Airways munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, joriy yilning 28 sentyabr kuni “Samarqand – Istanbul” yo‘nalishi bo‘yicha HY-275 reysini amalga oshirayotgan bizning aviakompaniyamizning Airbus A-320 havo kemasi qushlar to‘dasi bilan to‘qnashgan, bu holat o‘ng tomon dvigatelining bir qismiga shikast yetkazgan. Shu tarzda, HY-276 “Istanbul – Samarqand” va  HY-044 “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishidagi reyslarlarda uzilish sodir bo‘lgan. Havo layneriga texnik xizmat ko‘rsatishga zarurat tug‘ilgani sababli, ushbu yo‘nalishda parvoz vaqti kechiktirilgan. Yo‘lovchilar esa Istanbuldagi mehmonxonaga joylashtirilgan.

“Samarqand” aeroporti xodimlari mazkur holatdan xabardor qilinib, reys kechikishi munosabati bilan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qoidalari asosida harakat qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

 Mazkur qoidalarga binoan, Samarqandga kelgan yo‘lovchilarga va bizning reys bilan Toshkentga uchadigan yo‘lovchilarga, keyingi yaqin reysni kutish uchun mehmonxonada yashab turish yoki reysni rad etib manzilga yetib olish uchun boshqa transport taklifi tanlovi taqdim etiladi. Bunda ko‘rsatilmagan xizmat uchun mablag‘ning qaytarilishi (kompensatsiya) ham nazarda tutiladi.

Samarqanddan Toshkentga borishi va u yerdan o‘z yurtiga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchi Sholpan Yesmuxambetova reysga ulgurishi uchun tezroq Toshkentga yetib olishi zaruratidan u taqdim etilgan tanlovning ikkinchisini tanlagan. Qoidaga binoan, to‘lov puli 30 ming so‘mni tashkil etgan.

Aeroport hodimi bilan o‘tkazilgan suhbatda aniqlanishicha, sutkaning bu vaqtida taqdim etilgan yagona boshqa transport bu taksi bo‘lgan. Yo‘lovchiga to‘langan mablag‘ tarif bo‘yicha to‘lanadigan pulning ikki barobarini tashkil etgan, chunki aeroport xodimlari taksichilar tundagi qatnov vaqtida tariflarni ko‘tarishlaridan xavotirda bo‘lishgan.  Mablag‘ning haqiqatdan ham to‘langanini yo‘lovchi imzo qo‘ygan dalolatnoma ham tasdiqlaydi. 

Aeroport tomonidan yo‘lovchilarni taksilar jo  ylashgan manzilga olib borib qo‘yish uchun avtomobil ajratilgan. Bundan tashqari, aeroport hodimi taksilar joylashgan manzilga yetib kelganlaridan so‘ng, taksi haydovchisi bilan suhbatlashib, yo‘lovchilarni Toshkentga yetib olishlarini ta’minlashni so‘ragan.

Hurmatli Sholpan Yesmuxambetova! Biz yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Har qanday savollar yuzasidan Nur – Sulton (Ostona) shahridagi vakilligimizga murojat qilishingiz mumkin, deb yozmoqda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi.