Avtobus so‘ragan fuqarolarning murojaatiga rad javobi berildi. Nega?

Foto:repost.uz

«Zarafshon» gazetasi tahririyatiga shu yilning 26 fevralida Samarqand tumani Rustam mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan hududga qatnovchi 101-yo‘nalishdagi avtobusni uzaytirish bo‘yicha shikoyat xati kelgandi. Unda jumladan, shunday deyiladi:

«Biz yashaydigan Samarqand tumani Rustam mahallasi aholisi zich joylashgan. Bugungi kunda bu yerda 6100 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallamiz Samarqand shahriga juda yaqin. Shu bois mahallamizning aksariyat fuqarosi Samarqand shahrida joylashgan korxona-tashkilotlarda ishlaydi. Farzandlarimiz shahardagi maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kollej va litseylar, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib kelmoqda.

Ammo mahallamizning yarmidan ziyod qismida transport xizmati hozirgi zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, transport sohasida mavjud muammolar to‘g‘risida viloyat, shahar va tuman hokimliklariga, O‘zbekiston avtomobil transporti vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasiga murojaat etdik. Ammo murojaatlarimiz atroflicha o‘rganilmasdan kelmoqda.

Shuning uchun muammomizni gazetada yoritishlaringizni va 101-yo‘nalishli avtobus qatnovini “Siyob dehqon bozori”gacha uzaytirishga, shuningdek, Samarqand shahrining “Siyob” avtoboshbekatidan shaharning turli yo‘nalishlariga qatnaydigan 73, 74, 91, 92-avtobuslardan birining Rustam mahalla fuqarolar yig‘iniga qatnovini yo‘lga qo‘yishga amaliy yordam berishingizni so‘raymiz».

Z.MA’RUPOVA,

O.AHMEDOV,

D.QURBONOV, jami 17 imzo.

***

Ushbu xatni O‘zbekiston avtomobil transporti vazirligi viloyat boshqarmasiga  yubordik va quyidagi javob xatini oldik:

“Samarqand tumani Rustam mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Z.Ma’rupova va boshqalarning «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyatiga yo‘llagan shikoyat xatini o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qilamiz:

101-raqamli “Ipak yo‘li bozori – Navobod mahallasi” Samarqand shahar avtobus yo‘nalishida 6 ta avtobus, 203-raqamli «Siyob» avtoboshbekati – Xo‘ja Kavsher» yo‘nalishida 25 ta, 456-raqamli «Xumdon qishlog‘i – Sartepa maksani» yo‘nalishida 26 ta «Damas» rusumli avtotransport vositalari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu bois 101-raqamli “Ipak yo‘li bozori – Navobod mahallasi” avtobus yo‘nalishini «Siyob bozori»gacha yoki hozirgi kunda “Siyob” avtoboshbekatigacha harakatlanayotgan 73, 74, 91-raqamli avtobus yo‘nalishlarini Rustam mahalla fuqarolar yig‘inigacha uzaytirish bank kreditlari asosida olinib, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan boshqa bir qancha (12, 44, 64, 71, 1, 8, 9, 67, 66, 70, 41) shahar avtobus yo‘nalishlarining samaradorligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, maqsadga muvofiq emasligini bildiramiz”.

I.HAMRAYEV,

O‘zbekiston avtomobil transporti

agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.

***

Bundan ko‘rinib turibdiki, Samarqand tuman “Rustam” mahalla fuqarolarining murojaati yana ochiq qolmoqda.