Avtobusda yo‘lovchining cho‘ntagidan mobil telefon o‘g‘irlaganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi

Joriy yilning 16 sentyabr kuni, eratalab noma’lum shaxs avtobusda odamlar soni ko‘p bo‘lganidan foydalanib, 18 yoshli Mariya A.ning orqa cho‘ntagidan "Samsung S9" rusumli telefonini o‘g‘irlagan.

Qayd etilishicha, Mariya A. telefoni yo‘qolganini payqagach, Yashnobod tumani IIO FMB xodimlariga murojaat qiladi.

Ko‘rilgan tezkor-tergov tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi sifatida 44 yoshli Jahongir A. qo‘lga olindi. Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi ("o‘g‘rilik") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

"Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Pullaringizni va boshqa qimmatbaho buyumlaringizni orqa cho‘ntagingizda saqlamaslikni tavsiya etamiz. Jamoat joylarida shaxsiy buyumlaringizni ehtiyot qiling", deyilgan Toshkent shahar IIBB xabarida.