Avtobuslarda qachon 100 so‘m qaytim qaytariladi?

18 iyul kuni “Zarnews.uz” telegram kanali va saytida “Avtobuslarda 100 so‘mdan urib qolish qachongacha davom etadi?” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.

Viloyat transport boshqarmasida maqolada aytilgan salbiy holatlarning oldini olish va  yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish maqsadida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Samarqand shahrida avtotransport sohasida faoliyat olib borayotgan 18 ta tadbirkorlik sub’yektlarining rahbarlari ishtirok etdi.

Unda qaytim va yo‘l pattasini o‘z vaqtida berish bilan birga niqob taqmaslik, belgilangan me’yordan ortiq yo‘lovchi olish, dezinfeksiya ishlariga e’tiborsizlik masalalari ko‘rib chiqildi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning oxiri qanday oqibatlarga olib kelishi yuzasidan qat’iy ogohlantirishlar berildi. Hattoki, ko‘pchilik uchun arzimasdek tuyulgan masala – yo‘lovchi tomonidan to‘langan yo‘l haqi uchun 100 so‘mlik qaytim va pattaning berilmasligi ham jiddiy huquqbuzarlik ekanligi aytib o‘tildi. Endilikda har bir murojaat tegishli tartibda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilishi ma’lum qilindi.

Har bir avtokorxona rahbari Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash” to‘g‘risida qaroriga so‘zsiz rioya qilishi lozimligi, aks holda sud organlariga tegishli tartibda taqdimnoma kiritish orqali litsenziyasi bekor qilinishidan ogohlantirildi.

Yig‘ilishda boshqarma inspektorlariga viloyatdagi barcha yo‘lovchi tashish transport vositalarini qattiq nazoratga olish vazifasi yuklandi. Ayniqsa, shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi avtobuslarning xizmat sifatini tanqidiy o‘rganib chiqish, tender talab va shartlariga rioya qilmagan avtokorxonalarda aniqlangan kamchiliklarni tegishli tartibda ko‘rib chiqishlik va huquqiy baho berish uchun vakolatli organlarga taqdim qilish lozimligi uqtirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.

***

P/S:  Tadbirkorlar va haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilayotgandir, ammo transport bilan bog‘liq shu va boshqa muammolarga yechim bo‘lmayapti-ku. Tushuntirish, targ‘ibot tadbirlarining natijasi qachon ko‘rinadi? Avtobuslar yo‘nalishlaridagi tartibsizlikni qo‘ya turaylik, qachon yo‘lovchiga 100 so‘m qaytim qaytarilishi kafolatlanadi? Buning uchun aniq taklif, reja, amaliy ish bormi? Ayting, qachongacha shu kabi munosabatlar bilan cheklanamiz?..