Avtomashina nosozligi oqibatida gaz quvuri ustuniga borib urilgan

Joriy yilning 6 oktyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani Chaxbud ko‘chasida 25 yoshli Xusniddin X. “VAZ-2106” rusumli avtomobilini boshqarib kelayotib, gaz quvuri ustuniga to‘qnashgan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV yong‘in xavfsizligi boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, YTH sababli gaz quvurining butunligiga ziyon yetib, gaz-havo aralashmasining o‘t olishi sodir bo‘lgan.

Yong‘in haqidagi xabar 101 raqamiga soat 1:41 da kelib tushdi. Soat 1:49 da voqea joyiga yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari yetib kelib, 2:30 da yong‘in to‘liq bartaraf etildi. Hodisada jabr ko‘rganlar va qurbonlar bo‘lmadi.

Toshkent shahar IIBB YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, YTHga avtomobilning to‘xtash tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan.

Ushbu fakt asosida “VAZ-2106” rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 134-moddasiga (“Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi”) muvofiq ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar IIBB haydovchilardan texnik nosoz avtomobilni boshqarmaslikni va avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tkazishni so‘ragan.