Ayanchli YHT sababchisi voqea joyidan qochib ketgan
Kecha, 9 yanvar kuni soat 23:17da Chilonzor tumani Bunyodkor va Furqat ko‘chalari chorrahasida «BMW» hamda «Lacetti» rusumli avtomashinalar ishtirokida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, «Lacetti» haydovchisi, 44 yoshli D.M. Islom Karimov ko‘chasining qayrilish joyida to‘xtagan. Shu vaqtda «BMW» (Shayxontohur tumanida yashovchi, 63 yoshli K.M.ga berilgan, davlat raqami 01 T 777 YeV) yuqori tezlikda kelib «Lasetti»ga urilgan va avtomashinalar yonib ketgan.
«Lacetti» rusumli avtomashinaning haydovchisi va yo‘lovchisi 6 yoshli D.M. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarilib, kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Yana ikki yo‘lovchi — 44 yoshli I.M. va 8 yoshli Ya.M. voqea joyida halok bo‘lishgan.
«BMW» avtomobili haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan. Hozirda avtohalokat paytida avtomobilni boshqargan haydovchini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Falokatning dastlabki sababi: «BMW» avtomobili haydovchisi tezlikni sezilarli darajada oshirishi.
Avtohalokat yuzasidan Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qism «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.