Ayol kishining qo‘l va oyoqlarini skotch bilan bog‘lab, turli jarohatlar yetkazgan shaxs ushlandi
Joriy yilning 5 may kuni soat 20:15 larda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani, 2-IIBning navbatchilik qismiga fuqaro D.P. murojaat qilib, Mirzo Ulug‘bek tumani S-1 mavzesida yashovchi A.X. xonadonidan shubhali shovqin-suronli ovozlar eshitilayotganligi haqida xabar bergan.
Yuqoridagi holat yuzasidan zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 1-batalon, 1-otryadi xodimlari safdorlar Sh.Toxirov va S.Komolovlar jabrlangan fuqaro yashovchi uyning kirish-chiqish yo‘lagidan yugurib chiqib, xodimlarni ko‘rib voqea joyidan yashirinishga harakat qilgan shaxsni ushlashgan.
Tuman 2-IIB jinoyat qidiruv bo‘limida uning shaxsiga oydinlik kiritilganda, u Toshkent shahar Uchtepa tumani, Peshqadam ko‘chasida yashovchi Ya.A. ekanligi hamda muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan.
Xodimlar yuqorida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha uyga kirishganda, u yerda yashovchi X.M. og‘zi, qo‘li va oyoqlari skotch bilan bog‘langan holda tanasi va yuzidagi turli jarohatlar bilan topilgan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.